T A ' Z I YA

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining Inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni implementatsiya qilish bo'limi boshlig'i Abdulhay Mo'minov 2020 yil 17 avgust kuni 52 yoshida bevaqt vafot etdi.

Abdulhay Rashidovichni nafaqat bag'rikeng va intizomli rahbar, taniqli olim, mehribon pedagog, balki ochiqko'ngil va juda samimiy inson sifatida ham doim yodimizda saqlaymiz. U kishining yuksak odamiylik fazilatlari barchaga o'rnak edi.

Abdulhay Mo'minov 1997 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidagi tahsilini tugatgach, 22 yil davomida o'zining qadrdon Dorilfununiga sadoqat bilan xizmat qildi. Bu yerda u YUNESKOning “Inson huquqlari, tinchlik, demokratiya, bag'rikenglik va xalqaro tushunish” kafedrasi o'qituvchisi, katta o'qituvchisi, kafedra mudiri, shuningdek YUNESKOning “Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi mudiri lavozimlarida fidoyilik ko'rsatib ishladi.

Abdulhay Mo'minov bilan Markaz jamoasi o'rtasida ko'p yillik ilmiy, amaliy va do'stona hamkorlik munosabatlari shakllangandi. U 2005 yili "O'zbekiston Respublikasining YUNESKO bilan hamkorligining xalqaro-huquqiy masalalari" mavzuida yuridik fanlar nomzodi ilmiy darajasi uchun yozgan dissertatsiyasini muvaffaqiyat bilan yoqladi. Dotsent ilmiy unvoniga ega edi.

Abdulhay Mo'minov "Inson huquqlari", "Bola huquqlari" darsliklari, 100 dan ortik ilmiy monografiya, maqolalar va o'quv qo'llanmalar muallifi hisoblanadi.

Abdulhay Mo'minov 2019 yilda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo'lim boshlig'i lavozimiga tayinlangandi. Qisqa vaqt ichida o'zi bevosita rahbari bo'lgan bo'lim xodimlarining, umuman, Markaz jamoasining hurmat-e'tiborini qozonib ulgurgandi.

Yurtimizning umidli huquqshunos olimi, jamoamizning qadrli a'zosi – Abdulhay Rashidovichning yorqin xotirasini har doim qalbimizda saqlaymiz.

Hamkasbimizning oila a'zolari va yaqinlariga sabr tilaymiz. Marhumni Alloh o'z rahmatiga olib, oxiratlarini obod qilsin.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi jamoasi

Powered by GSpeech