Islomobodda O'zbekiston Prezidentining islohotlar yo'nalishiga bag'ishlangan kitob taqdimoti o'tkazildi
ISLOMOBOD, 10-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi Islomobod Strategik tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda pokistonlik yetakchi ekspert, Janubiy Osiyo tadqiqotlari va xalqaro munosabatlar tahlil markazi direktori Mehmud ul-Hasan Xanning "Shavkat Mirziyoyev: islohotlar va mintaqaviy integratsiyaning buyuk yetakchisi" nomli kitobining taqdimot marosimi o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Marosimning asosiy mehmoni Pokiston milliy meros va madaniyat vaziri Avrangzeb Xon Khichi bo'ldi. Tadbirda vazirlik va idora rahbarlari, parlament a'zolari, diplomatik korpus vakillari, biznes va ilm-fan sohalari mutaxassislari, OAV hamda Islomobod va uning atrofida yashovchi vatandoshlar ishtirok etdi. Taqdimot ikki davlat madhiyalarini kuylash va Prezident Shavkat Mirziyoyev faoliyatiga bag'ishlangan hujjatli film namoyishi bilan boshlandi.
Taqdimotni Islomobod Strategik tadqiqotlar instituti direktori Sohaid Mahmud ochib berdi. U o'z nutqida ushbu akademik marosim institut binosida tashkil etilganidan mamnun ekanligini, bu borgan sari dinamik tus olayotgan ikki tomonlama jadal hamkorlik ruhiga mos kelishini qayd etdi.
Shundan so'ng kitob va uning ahamiyatiga to'xtalib, 39 ta bir-birini mazmunan to'ldiruvchi va izchil mantiqiy ketma-ketlikda joylashtirilgan mavzulardagi tahliliy materiallar O'zbekistonda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy sohalarda olib borilayotgan islohotlar, modernizatsiya jarayonlari, ochiq va pragmatik tashqi siyosatning mohiyati ochib berilganini ta'kidladi.
"2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, "O'zbekiston-2030" strategiyasi va taraqqiyotga oid boshqa konseptual hujjatlarda O'zbekiston xalqining ertangi kunga bo'lgan xohish-irodasi, Hukumatning mamlakatni rivojlantirishga oid muhim tashabbuslari, ijtimoiy davlatni barpo etish tamoyillari qamrab olingan. Mazkur kitobda ushbu hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati batafsil yoritib berilgan", – dedi Sohaid Mahmud.
Shundan so'ng, O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev nutq so'zladi. Diplomatik missiya rahbari qisqa vaqt ichida Islomobodda O'zbekiston haqida ikki muhim kitoblar – Muhammad Abbos Xanning "O'zbekiston: Uchinchi Renessans – kelajak konsepti" ("Uzbekistan: The Third Renaissance – The Concept of the Future") hamda Mehmud ul-Hasan Xanning "Shavkat Mirziyoyev: islohotlar va mintaqaviy integratsiyaning buyuk yetakchisi" ("Shavkat Mirziyoyev: Great Leader of Reforms and Regional Integration") nomli asarlari keng jamoatchilikka taqdim etilayotgani Pokiston ilmiy-akademik doira vakillari orasida mamlakatimizga bo'lgan qiziqishning ortayotganidan dalolat berishi ta'kidlandi.
Shuningdek, Mehmud ul-Hasanning ushbu kitobida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar jarayoni, makroiqtisodiy o'zgarishlar, moliyaviy liberallashuv, kambag'allikni qisqartirish, tashqi siyosat, madaniy diplomatiya va mintaqaviy integratsiya kabi masalalar batafsil ko'rib chiqilgani qayd etildi.
O'zbekiston Prezidentining "islohotlar statistika uchun emas, inson qadri, sha'ni va kelajagi uchun" ekani haqidagi tamoyiliga tayangan holda yurtimizda "Yangi O'zbekiston" g'oyasini hayotga tadbiq etish amaliy strategiyaga aylangani, raqamli iqtisodiyot, "yashil" energetika, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va yoshlar uchun yangi ish o'rinlarini yaratish borasidagi yutuqlar kitobda chuqur tahlil etilganiga urg'u berildi.
Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Shahboz Sharif shafeligida ikki mamlakat o'rtasida strategik sheriklik sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarilgani, tomonlar Markaziy va Janubiy Osiyoni bog'lovchi strategik loyihalar, jumladan Transafg'on temir yo'lini qurish ustida izchil hamkorlik qilayotgani, o'zaro savdoni 2 milliard AQSH dollariga yetkazish bo'yicha qo'shma choralar ishlab chiqilayotgani alohida e'tirof etildi.
Pokiston Milliy meros va madaniyat vaziri Avrangzeb Xon Khichi o'z nutqida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini, jamiyat hayotini yangilash, aholi farovonligini oshirish, ijtimoiy yo'naltirilgan siyosatni yana-da mustahkamlashni "taraqqiyotning o'zbek modeli" deb atadi.
"O'zbekistonga tashrifim chog'ida islohotlar jarayonining natijasini, ijobiy yutuqlarni bevosita guvohi bo'ldim. Biz global dunyoda yashayapmiz. Albatta, qo'shni mintaqada, xususan, O'zbekistondagi ijobiy voqelik bizda ham o'z aksini topadi. O'zaro savdoni bosqichma-bosqich oshirish, tizimli qo'shma loyihalar vositasida esa bir-birimizga yana-da yaqinlashamiz. Pokiston hukumati mazkur jarayonda O'zbekiston Prezidentining tashabbuslarini yuksak qadrlaydi", – dedi vazir.
Kitob muallifi Mehmud ul-Hasan o'z navbatida mazkur asarni yozishdan asosiy maqsad O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini yoritish, ularning mintaqaviy hamkorlik va integratsiya jarayonlariga ta'sirini ilmiy tahlil qilish, Pokiston jamoatchiligining ushbu jarayon to'g'risidagi xabardorligini oshirish ekanini ta'kidladi.
Shu bilan birga O'zbekistondagi islohotlar markazida inson va uning qadri turishini e'tirof etib, iqtisodiy liberallashtirish, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, kambag'allikni qisqartirish, biznes muhitini yaxshilash va investitsiyalar jalb etish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida O'zbekiston qisqa vaqt ichida jadal rivojlanish va modernizatsiya jarayonlariga qadam qo'yganini qayd etdi.
Muallif, shuningdek, davlatimiz rahbarining olib borayotgan tashqi siyosati ochiqlik, yaxshi qo'shnichilik va konstruktiv muloqotga asoslanganini ta'kidlab, Markaziy Osiyoda o'zaro ishonch va hamkorlik, adolat va yaxshi qo'shnichilik maydoniga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini aytib o'tdi.
"O'zbekiston yetakchisining Transafg'on temir yo'lini qurish va energetika loyihalari borasidagi tashabbuslari esa Markaziy va Janubiy Osiyoni qayta bog'lovchi strategik integratsion platformani vujudga keltirdi. Ular, shuningdek, mintaqalararo transport-logistika va iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishga xizmat qilmoqda", – dedi muallif.
So'z yakunida doktor Mehmud ul-Hasan Xan Prezident Shavkat Mirziyoyevni mamlakat ichida islohotlar jarayonini boshqarayotgan va mintaqada integratsiya g'oyasini ilgari surib, amalga tatbiq etayotgan zamonaviy rahbar sifatida baholadi. U kitob O'zbekistonning ilg'or tajribasini yoritish bilan birga, ikki xalq o'rtasida do'stlik va o'zaro bog'liqlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta'kidladi.
Tadbirda so'zga chiqqan Janubiy Osiyo tadqiqotlari va xalqaro munosabatlar tahlil markazi prezidenti Said Amir Xalid Jaffri so'nggi paytlarda Pokistonda O'zbekistonga bag'ishlangan tadbirlar soni ortganini, bu ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqich boshlanganidan, o'zaro qiziqish ortganidan darak berishiga e'tibor qaratdi.
"2016 yilda yarim yopiq, mintaqaviy integratsiya jarayonlarida kam ishtirok etuvchi davlat boshqaruviga kelgan Prezident Shavkat Mirziyoyev o'z tashqi siyosatining dastlabki bosqichida Markaziy Osiyodagi davlatlararo munosabatlarda ishonch va hamkorlikni mustahkamlash, shundan so'ng, Janubiy Osiyo bilan o'zaro bog'liqlikni qayta tiklash borasida qat'iy iroda ko'rsatdi. Mamlakat ichida esa ijtimoiy yo'naltirilgan iqtisodiy islohotlarga asosiy e'tibor qaratilib, raqobatbardosh va zamonaviy talablar darajasida modernizatsiya qilingan milliy taraqqiyot tizimi shakllantirildi. Prezidentning yoshlarga oid yangicha siyosati natijasida mamlakat yoshlari jahon miqyosida ilmiy-akademik, fan, madaniyat, sport, san'at, zamonaviy texnologiyalar va boshqa sohalarda ulkan yutuqlarni qo'lga kiritmoqda. So'z va OAV erkinligi borasida ham ijobiy o'zgarishlar kuzatilmoqda", – dedi Said Amir Xalid Jaffri.
U, shuningdek, izchil ilgari surilayotgan xalqaro integratsion tashabbuslar O'zbekistonni "mintaqaviy hamkorlik xabi"ga aylantirib, mamlakatga xorijiy investitsiyalar oqimining oshishiga zamin yaratganini ta'kidladi.
"Erishilayotgan ulkan natijalar ortida O'zbekiston Prezidentining davlat boshqaruvidagi uzoq yillik tajribasi, jumladan, 2 ta viloyatga hokimlik, 13 yil hukumatga boshchilik qilish mobaynida olib borilgan chuqur kuzatishlar, mamlakat muammolarini ich-ichidan yaxshi anglash va his qilish qobiliyati yotadi", – deya ta'kidladi tahlil markazi prezidenti so'zi yakunida.
Bahriya universiteti fakultet dekani Adam Saud o'z nutqida Markaziy Osiyo, jumladan, O'zbekiston haqida fikr bildirish doimo katta mas'uliyat ekanligini qayd etdi.
"Har safar O'zbekistonga borganimda ulkan o'zgarishlarga guvoh bo'laman. Bu quvonarli, albatta. 2017 yilda O'zbekiston tashqi siyosatidagi o'zgarishlar asosida yaqin istiqbolda erishiladigan natijalar to'g'risida prognoz-maqola yozganman. Bugunga kelib ushbu maqolada keltirilgan prognozlarning 85 foizi amalga oshdi. Qolgan qismi bo'yicha ishlar faol davom etmoqda", – dedi A.Saud.
Qozog'istonning Islomoboddagi elchisi Yerjan Kistafin o'z chiqishida, Markaziy Osiyoni tinch va farovon hududga aylantirish O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatining ustuvor maqsadi bo'lib qolayotganini ta'kidladi.
"Markaziy Osiyoda 2016 yilgacha bo'lgan yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diplomatiya yo'li bilan hal qilindi. Uning tashabbuslari o'laroq, bugun yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlangan, mintaqa mamlakatlari o'rtasida o'zaro ishonch, do'stlik va iqtisodiy integratsiya kuchaydi. Quvonarlisi, bugungi kunda O'zbekiston iqtisodiyoti samarali islohotlar natijasi o'laroq, barqaror o'sish sur'atlarini namoyish etmoqda. So'nggi yillarda mamlakatning yalpi ichki mahsulot hajmi keskin oshdi, amalga oshirilayotgan islohotlar Respublikani nafaqat mintaqada, balki xalqaro hamjamiyat o'rtasida ham mavqeini ko'tardi. Binobarin, bugun taqdimoti o'tkazilgan kitobdan o'rin olgan muhim ma'lumotlar va erishilgan natijalar haqidagi fikrlar, nafaqat O'zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun faxr hisoblanadi", – deya ta'kidladi Qozog'iston elchisi.
Turkiyaning Pokistondagi elchisi Irfan Naziroglu O'zbekiston turkiy dunyoning muhim va ajralmas qismi ekanini qayd etdi va Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlaridagi har bir ishtiroki va ma'ruzalari tuzilma faoliyatida kuchli turtki berganiga to'xtaldi.
"Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashi tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyev turkiy xalqlar oilasining birligini mustahkamlashga, turkiy mamlakatlarning manfaatlari va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surishga qo'shgan ulkan hissasi uchun yuksak mukofot – "Turkiy dunyoning oliy ordeni" bilan taqdirlangani bejiz emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev turkiy birlikning asosiy ustunlari – transport va logistika, energetika aloqasi, yoshlar va gumanitar hamkorlik, shuningdek, innovatsion sheriklik sohalarida muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda. Mazkur muhim tashabbuslar O'zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida nafaqat faol ishtirokchi, balki integratsiyaning intellektual "drayver" bo'lishga intilayotganini tasdiqlaydi. Pokistonda o'tkazilayotgan "Shavkat Mirziyoyev: islohotlar va mintaqaviy integratsiyaning buyuk yetakchisi" nomli kitob taqdimoti esa O'zbekiston yetakchisining Janubiy Osiyo bilan o'zaro bog'liqni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarining nechog'li o'rinli ekanligidan dalolatdir", – dedi u.
Ўзбекча
English
Русский