Amerika Qo'shma Shtatlarida chop etiladigan “The Bukharian Times” gazetasining 2019 yil 21-27 noyabr sanasi bilan chop etilgan 928-sonida shu yil 22 dekabr kuni mamlakatimizda bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga oid maqola e'lon qilindi.
Maqola “Saylov kodeksi – demokratik saylovlar o'tkazishning huquqiy asosi” (“Izbiratelniy kodeks – osnova provedeniya demokraticheskix viborov”) deb nomlangan. Akademik Akmal Saidov qalamiga mansub mazkur maqolada 2019 yil iyun oyida qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi to'g'risida batafsil ma'lumot berilgan.
Muallif Saylov kodeksining ahamiyati, o'ziga xos jihatlarini keng tahlil etgan. Uning ta'kidlashicha, yangi qonun hujjati O'zbekistonda boshlanib ketgan saylov jarayonlarini demokratik tamoyillar asosida o'tkazishga xizmat qiladi.
Tahririyatning maqolaga kirish so'zida ta'kidlanishicha, bugungi kunda AQShda O'zbekistonning ko'plab fuqarolari istiqomat qilmoqda. Ular saylovda ishtirok etish va ovoz berish huquqiga ega. Shu ma'noda, gazeta sahifalarida e'lon qilingan saylov mavzusidagi salmoqli maqola dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Ma'lumot uchun: “The Bukharian Times” gazetasi AQSH va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi muassisligida haftada bir marta chop etiladi. Gazeta 1996 yildan o'z faoliyatini boshlagan bo'lib, ingliz, rus, o'zbek va tojik tillarida nashr qilinadi.
Buxorolik yahudiy yozuvchilar uyushmasi raisi Rafael Nektalov ushbu gazetaning Bosh muharriri hisoblanadi. Tahririyat ofisi Nyu-York shahrida joylashgan. Gazeta adadi 10 000 nusxa. Rasmiy veb-sayti: bukhariantimes.org
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 01.12.2019
- Ko'rishlar: 5489
- Chop etish