9 oktyabrda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti raisi Suleyman Arslan bilan uchrashdi.
S.Arslan 7-8 oktyabr kunlari poytaxtimizda bo'lib o'tgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi 6-seminari ishtirokchisidir.
A.Saidov mehmonga ushbu xalqaro anjumanda Turkiya delegatsiyasi faol ishtirok etgani uchun minnatdorlik izhor qildi. O'z navbatida, S.Arslan Toshkent shahrida IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining yillik 6-seminari yuksak saviyada tashkil etilganini e'tirof etdi.
Ma'lumki, xalqaro anjuman doirasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti o'rtasida o'zaro hamkorlikni kuchaytirish to'g'risidagi Memorandum imzolandi. Ushbu hujjat Muqaddima va 9 ta moddadan iborat.
Memorandum BMT Bosh Assambleyasining 1993 yil 20 dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan Inson huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish bo'yicha milliy institutlarning maqomi va faoliyatiga taalluqli tamoyillarni hisobga olgan holda qabul qilindi. Unda tomonlarning BMT Ustavida va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mavjud tamoyillarga sodiqligi ta'kidlangan.
Tomonlar inson huquqlari bo'yicha mazkur ikki milliy institut o'rtasidagi do'stona munosabatlarni mustahkamlash, inson huquqlari sohasida ularning hamkorligini rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini umume'tirof etish muhimligini qayd etgan holda, bir qator masalalarda o'zaro anglashuvga erishdilar.
Bu hamkorlik ushbu Memorandum bo'yicha quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
• inson huquqlarini himoya qilish va rivojlantirish sohasida axborot, qonun hujjatlari, axborot-tahliliy materiallar va adabiyotlar almashinuvi;
• Tomonlarning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishi borasida tajriba, axborot va tahliliy materiallar almashish;
• ishtirokchi davlat fuqarolarining huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga ko'maklashish;
• inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo'yicha tadqiqotlar o'tkazishga qaratilgan qo'shma dastur va loyihalarni amalga oshirish;
• inson huquqlari masalalari bo'yicha xalqaro konferentsiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va treninglar o'tkazish, shuningdek, Tomonlar xodimlari uchun tashriflar, amaliyotlarni tashkil etish;
• inson huquqlari va erkinliklarini rag'batlantirish va himoya qilish bo'yicha qo'shma nashrlar tayyorlash va nashr etish;
• inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlik aloqalarini olib borish;
• inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha muntazam ravishda ikki tomonlama maslahatlashuvlar o'tkazish, Tomonlarning fuqarolik jamiyati institutlari bilan aloqalarini rivojlantirishga ko'maklashish;
• Tomonlar o'rtasida kelishilgan hamkorlikning boshqa shakllari.Uchrashuvda o'zaro hamkorlikdagi ana shu chora-tadbirlarni amalga tatbiq etish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Ma'lumot uchun: Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti 2016 yil aprel oyida tashkil topgan. U teng miqdordagi Hay'at va Boshqaruv a'zolaridan iborat.
Institut Boshqaruvi tarkibiga kiradigan 11 nafar a'zo Turkiya Prezidenti tomonidan tayinlanadi. Boshqaruv o'z zimmasidagi vazifa va vakolatlarni, mas'uliyatni zimmasiga olgan holda, mustaqil amalga oshiradi.
Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti tashkil topgan davridan buyon Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirib kelmoqda.
Institut vakillari – Turkiyaning Xususiy mulk, adliya, mudofaa, xavfsizlik, sog'liqni saqlash, atrof muhit va shaharsozlik masalalari bo'yicha Ombudsmani Yahya Akman bilan Energetika, sanoat, soliq, tijorat, ilm-fan, ta'lim, madaniyat, turizm, yoshlar va sport masalalari bo'yicha Ombudsmani Arif Dyolger 2018 yili Samarqand shahrida o'tkazilgan Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumida ishtirok etgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 09.10.2019
- Ko'rishlar: 5639
- Chop etish