8 oktyabr kuni Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi 6-seminari davom etdi.
Ertalabki majlisda IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi a'zolari xalqaro seminarning yakunlovchi hujjati loyihasini muhokama qildilar. Komissiya a'zolari tomonidan bildirilgan amaliy fikr-mulohazalar asosida loyiha maromiga yetkazildi.
So'ngra xalqaro anjuman ishtirokchilari yalpi majlisga to'planishdi. IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi Akmal Saidov IHT Komissiyasi yillik 6-seminarining yakunlovchi hujjatini anjuman ahliga taqdim etdi.
Xalqaro seminarda Islom hamkorlik tashkiloti a'zo mamlakatlarida yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent Deklaratsiyasi qabul qilindi.
Anjuman ishi jarayonida, Toshkent Deklaratsiyasi muqaddimasida ta'kidlanganidek, Islom dinida yoshi ulug'lar navqiron avlod uchun namuna bo'lib xizmat qilishi va islom jamiyatlari o'zining asosiy qadriyatlari tizimini o'zida jo qilgan shaxsiyatlarni shakllantirishga intilishi tasdiqlandi.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini qabul qilish to'g'risidagi tashabbusini qo'llab-quvvatladilar.
Deklaratsiyada Inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasi tomonidan namoyon etilgan tahsinga sazovor yetakchilik va maqtovga loyiq mavqe minatdorlik hissini uyg'otgani e'tirof etildi. Islom ta'limoti va xalqaro inson huquqlari normalariga muvofiq yoshlar huquqlarini yaxshiroq tushunishni rag'batlantirish uchun IHTga a'zo barcha davlatlar va IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi o'rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish zarurligi ta'kidlandi.
Shu maqsadda, shuningdek, IHT Bosh kotibiyati, IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari, Statistika, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar hamda islom mamlakatlari uchun kadrlar tayyorlash markazi va Islomiy hamkorlik yoshlar forumining yoshlar huquqlarini ilgari surishdagi o'rni va hissasi e'tirof etildi. Ushbu tashkilotlardan barcha darajalarda yoshlar huquqlari ahamiyatini oshirish uchun siyosatchilar, xususiy sektor va fuqarolik jamiyatining xabardorligini oshirishga qaratilgan maqsadli salohiyatni oshirish dasturlarini ishlab chiqish so'raldi.
Toshkent Deklaratsiyasida xalqaro darajada va IHTga a'zo mamlakatlar tomonidan yoshlar huquqlarini to'la ta'minlash yo'lida kelgusida amalga oshiriladigan bir qator muhim tashabbuslar bayon etilgan.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining Matbuot xizmati
- Qo'shildi: 08.10.2019
- Ko'rishlar: 5525
- Chop etish