Vijdon erkinligi: yangi tahrirdagi loyihada amaldagi Qonunning qaysi talablari bekor qilinmoqda?

Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga kelib tushgan yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi qonun loyihasi matni jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etildi.  

Qonunning asosiy maqsadi – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt hamda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kafolatlangan vijdon va din erkinligiga doir huquqlarni ta'minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, deyiladi norma.uz sayti xabarida.

Yangi tahrirdagi loyihada amaldagi Qonunda mavjud bir qator talablar, jumladan:

diniy tashkilotni tashkil etish uchun mahalla fuqarolari yig'inlarining roziligini olish tartibi;

diniy ta'lim muassasalarida diniy ta'lim beruvchi shaxslar uchun mahalliy boshqaruv organining roziligini olish talabi;

diniy tashkilot ustavi va uning ro'yxatdan o'tkazilganligi to'g'risida guvohnoma dublikatini olish tartibi bekor qilinmoqda.

Qonun loyihasida, shuningdek diniy tashkilotni ro'yxatga olish uchun zarur bo'lgan tashabbuskorlar sonini 100 nafardan 50 nafargacha kamaytirish; diniy tashkilotni ro'yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko'rib chiqish muddatini esa uch oydan bir oygacha qisqartirish belgilangan.

Eng asosiysi, Qonun loyihasida quyidagi muhim yangiliklar ko'zda tutilgan: 

birinchidan, qonunosti hujjatlar bilan tartibga solinadigan munosabatlar to'g'ridan-to'g'ri amal qiluvchi yagona qonunga birlashtirilgan;

ikkinchidan, vijdon erkinligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari va printsiplari belgilangan;

uchinchidan, ushbu sohadagi vakolatli davlat organlarining vazifa va funktsiyalari chegaralari aniq belgilangan;

to'rtinchidan, diniy tashkilotlarni davlat ro'yxatiga olish tartib-taomili soddalashtirilgan, xususan: 

- taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqartirilgan;

- ularni notarial va boshqa shakllarda tasdiqlashga doir talablar bekor qilingan;

- davlat xizmatlari to'liq elektron shaklda ko'rsatilishi nazarda tutilgan;

- ro'yxatga olishni rad etish uchun asoslar aniq belgilangan.

 

Bundan tashqari, Qonun loyihasida quyidagilar ham qayd etilgan:

vijdon erkinligini ta'minlashning asosiy printsiplari;

diniy tashkilotlarning huquqiy maqomi, ularning faoliyatini tashkil etish asoslari;

diniy tashkilotni tashkil etish tartibi;

diniy tashkilotni ro'yxatga olish va qayta ro'yxatga olish tartibi.
 

Ma'lumot uchun: Qonun loyihasini takomillashtirishda jamoatchilik fikrini olish maqsadida loyiha parliament.gov.uz saytining “Jamoatchilik muhokamasiga qo'yilgan qonun loyihalari” rukniga joylashtirilgan. Fikr-mulohaza va takliflaringizni demokratkom@parliament.gov.uz manziliga yo'llashingiz mumkin.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech