3 fevral kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga xalqaro ekspert M.Nikol`z boshchiligidagi Xalqaro migratsiya tashkilotining baholash jamoasi tashrif buyurdi.
Ma'lumki, mamlakatimizda Xalqaro migratsiya tashkiloti tomonidan AQShning Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID) ko'magida “Markaziy Osiyoda odam savdosiga qarshi kurashish” mintaqaviy loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mazkur tashrifdan maqsad ana shu loyiha yakunlarini baholashdan iboratdir. Shuningdek, odam savdosiga qarshi kurashish va xavfsiz migratsiyani ta'minlash borasida faoliyatning asosiy natijalarini aniqlash ko'zda tutilgan.
Bundan tashqari, 2016-2020 yillarda Xalqaro migratsiya tashkiloti USAID bilan hamkorlikda O'zbekistonda ayni yo'nalishda amalga oshirgan faoliyatini baholash asosida yangi loyihalar uchun tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Tashrif davomida mehmonlar Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo'lim boshliqlari Abdulhay Mo'minov va Oybek Ahmadov bilan uchrashdilar. O'zaro muloqotlarda odam savdosiga qarshi kurashish hamda migratsiya sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritildi.
Bu boradagi qonunchilik va amaliyot masalalari, xususan, Markaz tomonidan Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda odam savdosiga qarshi kurashish va xavfsiz migratsiyani ta'minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligiga e'tibor qaratildi.
Jumladan, odam savdosiga qarshi kurashish va xavfsiz migratsiya sohasida aholining huquqiy savodxonligini oshirish, inson huquqlarini himoya qilish tizimini rivojlantirish, odam savdosiga qarshi kurashish va xavfsiz migratsiyani ta'minlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasidagi faoliyat natijalari alohida qayd etildi.
Shu bilan birga, mavjud muammolar va ularni hal qilish yo'llari hamda o'zaro hamkorlikdagi faoliyatning istiqbollari muhokama qilindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.02.2020
- Ko'rishlar: 4874
- Chop etish