Yoshlar mehnat migratsiyasini tartibga solish istiqbollari

22 iyul kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida “O'zbekistonda yoshlar mehnat migratsiyasini tartibga solish istiqbollari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy videokonferentsiya bo'lib o'tdi.

Onlayn anjumanda mamlakatimiz vazirlik hamda idoralari vakillari, xususiy bandlik agentliklari rahbarlari, mehnat migratsiyasi va odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo'yicha xalqaro va milliy ekspertlar ishtirok etdi.

Tadbir O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, O'zbekiston yoshlar ittifoqi, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish masalalari va xalqaro iqtisodiy hamkorlik departamenti, Xalqaro migratsiya tashkiloti va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamkorligida tashkil etildi.

Xalqaro videokonferentsiya davomida xalqaro va milliy ekspertlarning ma'ruzalari tinglandi.

Konferentsiyada Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo'lim boshlig'i Abdulhay Mo'minov ishtirok etib, “Mehnat migratsiyasi bo'yicha xalqaro standartlar va ularning milliy qonunchilikda qo'llanilishi” mavzuida ma'ruza qildi.

Markaz vakili avvalo mehnat migratsiyasi bo'yicha xalqaro shartnomalarning mazmun-mohiyati hamda o'ziga xos xususiyatlariga to'xtaldi. Mazkur yo'nalishdagi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish, bunda xalqaro huquqiy hujjatlar normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bilan bog'liq masalalarni atroflicha tahlil qilib berdi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech