Noyabr oyining dastlabki kunlari Markaz tashabbusi bilan Farg'ona shahrida «Odam savdosiga qarshi kurashish masalalarini ommaviy axborot vositalarida samarali yoritish» mavzusida trening mashg'ulotlari o'tkazildi. Ushbu ixtisoslashgan o'quv tadbiri BMTning migratsiya agentligi – Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilot bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Yurtimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh etish yo'lida keng qamrovli o'zgarishlar izchilllik bilan joriy etilmoqda. Jinoyatchilikka, jumladan odam savdosiga qarshi kurashish va majburiy mehnatga barham berish masalalariga ustuvor darajada e'tibor qaratilib, ushbu huquqbuzarliklarning oldini olish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O'zbekiston hukumati mamlakatimizning xorijdagi fuqarolari – mehnat migrantlarini himoya qilish, shuningdek, odam savdosi jabrdiydalari va ojiz migrantlarga yordam berish masalalariga tobora katta e'tibor qaratmoqda. Mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashishning huquqiy va tashkiliy asoslari yaratilgan hamda bunday jinoyat jabrdiydalarini himoya qilish mexanizmlari ishlab chiqilgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 iyunda qabul qilingan “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoniga muvofiq, Odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligidagi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi etib qayta tashkil qilindi.
Mintaqamiz bo'yicha ilk bor O'zbekistonda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha milliy ma'ruzachi instituti ta'sis etildi. Bugungi kunda Milliy komissiya jurnalistlar ishtirokida, shu jumladan, xorijiy ommaviy axborot vositalari va internet-resurslarda keng axborot-targ'ibot ishlarini olib bormoqda.
Davlat rahbarining 2018 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to'g'risida”gi qaroriga ko'ra, Markazimiz inson huquqlari sohasidagi O'zbekistonning xalqaro majburiyatlarini bajarish bo'yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o'zaro hamkorligini, milliy ma'ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta'minlovchi davlat organi hisoblanadi.
Markazning asosiy vazifalari qatorida inson huquqlari sohasida aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ko'maklashish, inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirish kabi muhim vazifalar ko'zda tutilgan. Markaz direktori Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining a'zosidir.
Shu ma'noda, Farg'ona shahrida tashkil etilgan 2 kunlik trening mashg'ulotlarining quyidagi muhim jihatlarini ta'kidlaymiz.
Birinchidan, Farg'ona viloyatining uchta viloyati ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, mahalliy davlat organlari axborot xizmatlari xodimlarining odam savdosiga qarshi kurashish mavzusini samarali yoritish borasida kasbiy tayyorgarligini oshirishga imkon qadar ko'maklashildi.
Ikkinchidan, o'quv mashg'ulotlarini milliy, xorijiy va xalqaro ekspertlar olib bordi. Interfaol shakldagi muloqotlarda mavjud nazariy va huquqiy manbalarning ahamiyati amaliy mashqlar bilan uyg'unlikda o'rganildi.
Uchinchidan, trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Tinglovchilar odam savdosiga qarshi kurashish mavzusida tayyorlagan materiallar Andijon, Farg'ona va Namangan viloyatlari, shahar va tumanlari ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, Markaz hamda Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilotning rasmiy saytlarida e'lon qilindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.11.2019
- Ko'rishlar: 5255
- Chop etish