7-8 oktyabr kunlari poytaxtimizda Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi 6-seminari bo'lib o'tdi.
Unda dunyoning qariyb 50 davlatidan vakillar qatnashdi. Ishtirokchilarning jami soni 150 nafarni tashkil etdi.
Yillik seminarning yalpi majlisida 5 nafar xalqaro va milliy mutaxassisning ma'ruzalari tinglandi. Munozaralarda IHT Komissiyasining 15 nafar a'zosi, IHTga a'zo davlatlar va inson huquqlari bo'yicha institutlarning 10 nafar vakili o'z fikr-mulohazalarini bayon etishdi.
Keng ko'lamli munozara va mushohadalar, o'z navbatida, yoshlarning huquqlari hamda imkoniyatlarining kengaytirishga qaratilgan amaliy qarorlar uchun zamin bo'lib xizmat qildi.
Natijada xalqaro anjuman ishtirokchilari yakunlovchi hujjat – Islom hamkorlik tashkiloti a'zo mamlakatlarida yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent Deklaratsiyasini qabul qildilar.
Anjuman ishi jarayonida, Toshkent Deklaratsiyasi muqaddimasida ta'kidlanganidek, islom dinida yoshi ulug'lar navqiron avlod uchun namuna bo'lib xizmat qilishi va islom jamiyatlari o'zining asosiy qadriyatlari tizimini o'zida jo qilgan shaxsiyatlarni shakllantirishga intilishi tasdiqlandi.
Deklaratsiyada inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasi tomonidan namoyon etilgan tahsinga sazovor yetakchilik va maqtovga loyiq mavqe minatdorlik hissini uyg'otgani e'tirof etildi. Islom ta'limoti va xalqaro inson huquqlari normalariga muvofiq yoshlar huquqlarini yaxshiroq tushunishni rag'batlantirish uchun IHTga a'zo barcha davlatlar va IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi o'rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish zarurligi ta'kidlandi.
Toshkent Deklaratsiyasida xalqaro darajada va IHTga a'zo mamlakatlar tomonidan yoshlar huquqlarini to'la ta'minlash yo'lida kelgusida amalga oshiriladigan muhim tashabbuslar bayon etilgan.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini qabul qilish to'g'risidagi tashabbusini qo'llab-quvvatladilar.
Toshkent xalqaro seminari tafsilotlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Xabar va tasvirlar, interv`yu va reportajlar Internet tarmog'i, televidenie va radio kanallari, gazetalar orqali jamoatchilikka tezkor sur'atlarda yetkazildi.
Shu mavzuda birgina O'zA tomonidan 9 tilda 78 ta matnli axborot uzatildi. Markaz veb-saytiga 30 ta matnli material joylashtirildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.10.2019
- Ko'rishlar: 5383
- Chop etish