Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015 yil 22 dekabrda qabul qilingan 70/212-rezolyutsiyasiga muvofiq, 11 fevral – Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni deb e'lon qilingan. Shu ma'noda, ushbu xalqaro sana joriy yilda jahon jamoatchiligi tomonidan oltinchi marta nishonlanmoqda.

Bugungi kunda dunyo miqyosida texnika fakul`tetlari bitiruvchilarining atigi 28 foizini hamda komp`yuter va informatika fanlari bo'yicha fakul`tetlar bitiruvchilarining 40 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Ya'ni, ayollar ilm-fanda va texnologiyalar sohasida ham haligacha yetarli darajadagi mavqega ega emas.

YUNESKOning ilm-fan to'g'risidagi yangi ma'ruzasida shu haqda so'z boradi. Ushbu ma'ruzaning asosiy mavzularidan biri  ilm-fan sohasidagi gender tenglik masalasiga bag'ishlangan bo'lib, xususan, unda "raqamli inqilob" samaralaridan ayollar va erkaklar teng foydalanishi zarurligi ta'kidlangan.

YUNESKO Bosh direktori Odre Azulening qayd etishicha, "Hatto hozirgi kunda ham, XXI asrda yashayotganimizga qaramay, ilm-fan bilan bog'liq sohalarda xotin-qizlarning chetda qolayotgani kuzatilmoqda". Binobarin, xotin-qizlar ilm-fan, texnika, muhandislik va matematika sohalarida o'zlari uchun munosib o'rin borligini, ular ilmiy taraqqiyot jarayonlarida ishtirok etish huquqiga egaligini anglab yetishlari kerak.

Ammo, hozircha butun jahonda, ayniqsa, sanoati rivojlangan mamlakatlardagi ilm-fan sohasida erkaklarning son jihatdan ustunligi odatiy hol hisoblanadi. Xususan, Avstraliyada texnika universitetlari bitiruvchilarining 23,2 fozigina xotin-qizlardan iborat. Bu ko'rsatkich Kanadada – 19,7 foiz, Frantsiyada – 26,1 foiz, Yaponiyada – 14 foiz, Koreya  Respublikasida – 20,1 foiz, Shveytsariyada – 16,1 foiz va AQShda – 20,4 foizni tashkil etadi, xolos. 

YUNESKO ma'ruzasida arab davlatlarida aniq fanlar bo'yicha xotin-qizlarning ta'lim olishi sohasidagi holat ancha yaxshi ekaniga e'tibor qaratilgan. Masalan, Jazoirda texnika oliy o'quv yurtlari va fakul`tetlari bitiruvchilarining 48,5 foizi xotin-qizlardir. Bu boradagi ko'rsatkich Marokashda – 42,2 foiz, O'monda – 43,2 foiz, Suriyada – 43,9 foiz va Tunisda – 44,2 foizdan iborat ekani ham diqqatga loyiq.

Lotin Amerikasi mintaqasida esa muhandislik bilan bog'liq ixtisosliklarni tanlagan talaba qizlar ko'pchilikni tashkil etadi. Lekin yirik texnologiya kompaniyalaridagi rahbarlar tarkibida hali ham erkaklar miqdori ko'p.

Xotin-qizlar texnologiyaga taalluqli sohalarda ishlasa-da, mansab pillapoyalaridan ko'tarilib borishda jiddiy to'siqlarga duch kelmoqda. Masalan, kimdir homilador bo'lgani uchun ta'tilga chiqib ketsa, yana kimdir rahbariyatning noxolis muomala-munosabatidan aziyat chekadi.

Keyingi yillarda korporativ dunyoda xotin-qizlarga nisbatan munosabat bir qadar o'zgarayotgani kuzatilmoqda. Binobarin, ishchi kuchini diversifikatsiya qilish – daromadni oshirishning qulay yo'li ekanini aksariyat kompaniyalar yetakchilari tushunib yetmoqda.

Biroq xotin-qizlarning ilm-fan sohasida jadal sur'atlarda ilgarilashi yo'lida hali-beri to'siqlar bisyor. Shunday g'ovlardan biri – zarur darajada ta'lim olish imkoniyatining cheklanganligidir.

YUNESKO ekspertlarining fikricha, xotin-qizlar raqamli iqtisodiyotning uzviy bir qismiga aylanishlari darkor. Toki, To'rtinchi industrial inqilobda gender tengsizlik kabi nomaqbul an'anaga o'rin qolmasin.

Ilm-fan sohasida jinsiy mansublik bilan bog'liq kamsitishlarga qarshi kurashning muhim choralaridan biri – bu olimalarga bo'lgan talabni hisobga olgan holda, tegishli ma'lumotlar bazasini yaratishdir. Hozirda ushbu ma'lumotlar ustida ishlayotgan tashkilot o'z tarkibida 500 nafar olimani jamlagan. Ular, bir tomondan, xotin-qizlarga ta'lim olish va ishga joylashishda ko'maklashayotgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, muayyan natijaga erishganlarni rag'batlantirish bilan izchil shug'ullanmoqda.

YUNESKO ilm-fan sohasida xotin-qizlarning o'rniga doir salbiy qarashlarga qarshi faol kurashmoqda. Jumladan, olimalarga nufuzli mukofotlar taqdim etmoqda.

Shunday mukofotlardan biri – "Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlarga" deb nomlanadi. Mazkur mukofot L'Oreal-YUNESKO Dasturi tomonidan ta'sis etilgan.

Shu tariqa YUNESKO 23 yildan buyon olimalarga turli mukofotlar topshirish va tadqiqotchi qizlar uchun stipendiyalar taqdim etish bilan muntazam shug'ullanib kelmoqda.

Bu galgi muhim sana, ya'ni 11 fevral – Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni munosabati bilan har bir qit'adan bittadan vakil, jami besh nafar yangi sovrindorga L'Oreal-YUNESKO Dasturining "Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlarga" mukofoti topshiriladi.

G'ulom Mirzo

("BMT yangiliklari" sayti axboroti asosida tayyorlandi)

Powered by GSpeech