12-may — Xalqaro hamshiralar kuni

Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida kechayotgan keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlarida zamonaviy fikrlaydigan, yuksak malakali o‘rta tibbiyot xodimlarining yangi avlodini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

12-may — Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda sohadagi ana shunday ijobiy o‘zgarishlar va fidoyi kasb egalarining sharafli mehnati yana bir bor e’tirof etildi.

Tadbirni sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov tabrik so‘zi bilan ochib, tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Qayd etilganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida bugungi o‘zbek hamshirasi nafaqat bemorlarni parvarish qiluvchi, balki yuqori texnologik amaliyotlar, jumladan, buyrak va jigar ko‘chirib o‘tkazish kabi murakkab operatsiyalarda shifokorlarning eng yaqin ko‘makchisiga aylandi.  

Ayniqsa, mamlakatimizning 15 ta tuman va shahrida hamda Samarqand viloyatida amaliyotga tatbiq etilayotgan sog‘liqni saqlash tizimining yangi modeli o‘rta tibbiyot xodimlari uchun yangi davrni boshlab berdi. Bu jarayonda soha xodimlarining maoshi va ustamalari sezilarli darajada oshirilib, ularning o‘z salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Hozirgi kunda mamlakatimiz tibbiyot muassasalarida 400 mingga yaqin o‘rta tibbiyot xodimi va qariyb 7 ming nafar oliy ma’lumotli hamshira faoliyat yuritmoqda. Sohani yanada xalqchil tizimga aylantirish va hamshiralarning jamiyatdagi o‘rnini yuksaltirish maqsadida bir qator yangi loyiha va dasturlar ishlab chiqilmoqda. Jumladan, joriy yildan boshlab sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida ilk bor “Sog‘liqni saqlash tizimi birlamchi bo‘g‘ini bo‘yicha yilning eng yaxshi IT-operator hamshirasi” ko‘rik-tanlovining yo‘lga qo‘yilgani ham sohadagi zamonaviy yondashuvlardan biridir.

Tantanali marosimda Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Farhod Xanapiyayev so‘zga chiqib, barcha fidoyi xodimlarni bayram bilan qutladi.

Tadbir doirasida an’anaviy “Hamshira — 2026”, “Patronaj doya – ayol salomatligi tayanchi”, “Yilning eng yaxshi o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi”, “Mening onam hamshira” kabi ko‘rik-tanlovlar g‘oliblari tantanali ravishda taqdirlandi.

Xususan, “Hamshira — 2026” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida shaffof va adolatli mezonlar asosida eng yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar aniqlandi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rin Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tuman tibbiyot birlashmasi terapiya bo‘limi hamshirasi Erkinova Gulomdon Egambergan qiziga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Buxoro viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi reanimatsiya bo‘limi hamshirasi Isoqova Shahnoza Ahad qizi egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Navoiy viloyati Karmana tuman tibbiyot birlashmasi bolalar bo‘limi hamshirasi Yo‘ldoshova Zarina Zafar qiziga berildi.

Shuningdek, eng yaxshi patronaj doyalar taqdirlandi. Oliy hamshiralik ishi mutaxassisligiga ega bo‘lgan hamshiralar, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Yilning eng yaxshi o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari aniqlandi. Shu yildan boshlab o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan “Sog‘liqni saqlash tizimi birlamchi bo‘g‘ini bo‘yicha yilning eng yaxshi IT-operator hamshirasi” ko‘rik-tanlovining ilk g‘oliblari ham e’lon qilindi.

G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar va diplomlar topshirildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA

Powered by GSpeech