Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

2030-yilga qadar gender tenglik strategiyasini amalga oshirish boʻyicha ishlar muhokama qilindi

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisida 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosi muhokama qilindi.

Majlisda senatorlar, masʼul vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar, mahalliy Kengashlarning tegishli doimiy komissiyalari aʼzolari hamda Yoshlar parlamenti vakillari ishtirok etdi.

Muhokamalar davomida Dasturda belgilangan vazifalarning bajarilish holati masʼul tashkilotlar kesimida atroflicha koʻrib chiqilib, amalga oshirilgan ishlarning amaliy natijalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, ommaviy axborot vositalarida gender stereotiplaridan xoli obrazlarni shakllantirish, xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, davlat xaridlariga gender mezonlarini joriy etish hamda rahbarlik lavozimlarida ayollar ulushini koʻpaytirish masalalari muhokama markazida boʻldi.

Shuningdek, raqamli zoʻravonlikning oldini olish, ota-onalarning bola parvarishidagi teng masʼuliyatini ragʻbatlantirish, oilaga yoʻnaltirilgan mehnat siyosatini joriy etish, xotin-qizlarning raqamli savodxonligini oshirish, ularni ilm-fan, startaplar, sport va axborot texnologiyalari sohalariga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Taʼkidlanganidek, dastur doirasida xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularning taʼlim olishi, raqamli koʻnikmalarini rivojlantirish, rahbarlik salohiyatini yuksaltirish hamda gender tenglik tamoyillarini davlat boshqaruvi amaliyotiga keng joriy etish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilgan.

Majlisda Dastur ijrosi doirasida muayyan ijobiy natijalarga erishilganiga qaramay, ayrim yoʻnalishlarda vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash, ishlab chiqilayotgan takliflarni yakuniy bosqichga yetkazish zarurligi taʼkidlandi.

Xususan, davlat xaridlari jarayonlariga gender tenglik mezonlarini integratsiya qilishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini ishlab chiqish, ommaviy axborot vositalarida gender stereotiplaridan xoli obrazlarni shakllantirishga qaratilgan huquqiy asoslarni takomillashtirish hamda gender masalalari boʻyicha maslahat kengashlari faoliyati samaradorligini oshirish muhim vazifalar sifatida qayd etildi.

Majlis yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda belgilangan vazifalar ijrosini jadallashtirishga qaratilgan Qoʻmita qarori qabul qilindi.

 

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

 

Nashr sanasi 11.08.2026 Ko'rishlar 32
Ulashish