2034 yilda odamlar haftasiga ikki kun ishlaydi
Microsoft kompaniyasi asoschisi Bill Geyts yaqin 10 yil ichida mehnat bozorida keskin o‘zgarishlar bo‘lishini aytdi. Uning taxminicha, 2034 yilga borib odamlar haftasiga atigi ikki kun ishlaydi.
Geytsning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda sun’iy intellekt va neyron tarmoqlar ko‘pchilik kasblarni boshqaradi. Insonlarning kundalik majburiyatlari kamayib, ko‘p hollarda to‘liq ish haftasiga ehtiyoj qolmaydi. “AI jarayonlarni tezlashtiradi, aniqlikni oshiradi va ko‘p sohalarda inson mehnatini to‘ldiradi,” — deydi u.
Bill Geyts sun’iy intellekt yordamida tibbiyot sohasidagi muammolar, xususan, shifokor va psixologlar yetishmovchiligi hal qilinishi mumkinligini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu texnologiyalar insoniyatga ijod, ta’lim va shaxsiy hayot uchun ko‘proq vaqt ajratish imkonini berishini qayd etgan.
“Texnologik taraqqiyot odamlarni ishsiz emas, balki erkinroq qiladi. Ish jarayonlari avtomatlashtirilgani sari, insonlar o‘z qiziqishlari va ijodiy g‘oyalari bilan shug‘ullanish uchun ko‘proq vaqt topadi,” — degan Geyts.
Shuningdek, u kelajakda ofisga qatnash zarurati kamayishini, masofadan turib ishlash odatiy holga aylanishini aytgan. Bu esa insonlarning hayot sifati va farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Tahlilchilarga ko‘ra, Geytsning bu fikrlari sun’iy intellektning jadal rivojlanayotganini va mehnat munosabatlarini butunlay o‘zgartirishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский