20 dekabr – Xalqaro birdamlik kuni
Birdamlik – insoniyat sivilizatsiyasiga tahdid soluvchi turli muammolarning birdan-bir yechimidir. Tabiiy ofatlar, terrorizm, ochlik, qashshoqlik, boshpanasizlik kabi global muammolar faqat bir davlat yoki muayyan toifa kishilari tomonidan hal qilinishi imkonsiz.
Bunda tili, dini, irqi, ijtimoiy darajasidan qat'i nazar barcha insonlar birlashishi va yakdil harakat qilishi talab etiladi. Demak, birdamlik, ahillik, o'zaro hurmat va ishonch insoniyat kelajagini belgilaydi, ilm-fan taraqqiyotini jadallashtiradi va insoniyat tamadduniga tahdidlarni bartaraf etadi.
Bugungi kunda davlatlar, shuningdek ijtimoiy guruhlar o'rtasidagi munosabatlarda muhim ahamiyatga ega bo'lgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyatining bosh tamoyillaridan biri birdamlikdir. BMT Bosh Assambleyasining 2005 yil 19 dekabrda “Qashshoqlikni tugatish va rivojlanishning boshqa masalalari: Birlashgan Millatlar Tashkiloti qashshoqlikka qarshi kurash bo'yicha birinchi O'n yillikda amalga oshirgan ishlar (1997-2006)” mavzucida bo'lib o'tgan 60-sessiyasida birdamlik – XXI asrda xalqaro munosabatlarning asosini tashkil etadigan umumbashariy qadriyatlardan biri ekani e'tirof etilishi ham yuqoridagi fikrni isbotlaydi.
BMT Bosh Assambleyasining 60/209-sonli rezolyutsiyasiga muvofiq, butun dunyoda 2006 yildan beri har yili 20 dekabr` – Xalqaro birdamlik kuni sifatida keng nishonlanadi.
BMT barcha insonlarni global muammolarga, jumladan qashshoqlikka qarshi kurashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lgan birdamlik kontseptsiyasini qo'llab-quvvatlashga chaqiradi. Qashshoqlikka barham berish uchun BMT Taraqqiyot Dasturi doirasida Butunjahon Birdamlik jamg'armasi tashkil etilgan.
Jamg'arma faoliyati butun dunyoda qashshoqlikni tugatish, rivojlanish darajasi yuqori bo'lmagan mamlakatlarda, ularda istiqomat qilayotgan eng qashshoq odamlar orasida ijtimoiy himoyani kuchaytirish kabi ezgu maqsadlarga qaratilgan. Eng muhimi, u inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ta'minlanishini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O'zbekiston 1992 yil 2 martdan boshlab BMT a'zosi hisoblanadi. Mamlakatimiz mazkur nufuzli xalqaro tashkilot doirasidagi loyihalarda faol ishtirok etib kelmoqda.
Jumladan, qashshoqlikka qarshi kurashda birdamlik tamoyiliga rioya qilinib, mamlakatimizda avvalo kuchli ijtimoiy himoya tizimi o'rnatildi. Qolaversa, qashshoqlikdan aziyat chekayotgan xorijiy davlatlarga muntazam beg'araz yordam ko'rsatilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarga e'tibor qaratsak, inson, uning qadr-qimmati, farovon va to'kin-sochin yashashi ustuvor ahamiyatga ega degan tamoyil yaqqol ko'zga tashlanadi. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, “Xalq boy bo'lsa, davlat ham boy va qudratli bo'ladi”.
Shu maqsadda tadbirkorlar faoliyatini qo'llab-quvvatlash, mamlakatimizga kirib kelayotgan tashqi investitsiyalar oqimini kuchaytirish, ish haqi va nafaqalar miqdorini muntazam oshirib borish, muhtoj oilalar uchun arzon uy-joylar qurish va uzoq muddatli ipoteka kreditlari ajratish, nogironligi bor shaxslarga moddiy va ma'naviy ko'mak berish kabi ko'plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bularning barchasi, albatta, aholining turmush darajasi yuksalishi, odamlarda shukronalik va ertangi kunga ishonch yanada mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimiz qashshoqlik muammosi mavjud xorij mamlakatlariga insonparvarlik yordamini ko'rsatib kelayotganini ham qayd etish o'rinlidir.
2018 yilda O'zbekiston tomonidan qo'shni Afg'onistonning qurg'oqchilikdan aziyat chekayotgan aholisi uchun 3 ming tonna bug'doy, turli oziq-ovqat mahsulotlari, bolalar uchun kiyim-kechak jo'natildi. Shuningdek, 25 avtobus, 3 traktor va tirkama texnika vositalari beg'araz hadya etildi. Mamlakatimiz ko'magi bilan Afg'onistonda ko'priklar, yuqori vol`tli elektr liniyalari, optik tolali kabel` liniyalari, suv ta'minoti tarmoqlari barpo etildi va bu boradagi ishlar izchil davom etmoqda.
Xulosa qilib aytganda, birdamlik – nafaqat yuksak axloqiy tamoyil, balki taraqqiyot asosi, kelajak kafolati hamdir. Umumbashariy muammolarni insoniyat birgalikda intilsagina hal etish mumkin.
Farhod Nizomov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali xodimi
- Qo'shildi: 18.12.2019
- Ko'rishlar: 5343
- Chop etish