Aholining kundalik hayotida uchraydigan savollariga sodda va qulay javob beradigan onlayn platforma ishga tushiriladi

Bu boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni qabul qilindi.

 

Qayd etilishicha, Farmonga koʻra, Iqtisodiyotda korrupsiyaviy omillarning oldini olish maqsadida:

— davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi hamda uning oʻrtacha bozor narxi oʻrtasidagi tafovutning eng koʻp yoʻl qoʻyiladigan chegarasidan chetga chiqqan holda xaridlarni amalga oshirgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortiladi;
— 2025-yilning 1-iyulidan yirik investitsiya loyihalarida korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlar hamda yirik auksion shartlarini raqobatbardoshlik ekspertizasidan oʻtkazish tartibi joriy etiladi;
— “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi qamrovi yanada oshirilib, bosqichma-bosqich xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi loyihalarga joriy qilinadi.

2025-yil yakunicha:

— xalqaro tender obyektlari boʻyicha subpudratchilar “Shaffof qurilish” tizimi orqali jalb qilinadi;
— qiymati 2 mln AQSH dollarigacha boʻlgan xalqaro moliya tashkilotlar hisobidan moliyalashtiriladigan mahalliy tenderlar “Shaffof qurilish” tizimida oʻtkaziladi;
— xalqaro tenderlar boʻyicha jalb qilingan chet el pudrat tashkilotlari shartnoma qiymatining kamida 60 foizini oʻz kuchi bilan bajarish tartibi joriy etiladi.

2026-yil 1-yanvargacha vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar tomonidan koʻrsatiladigan barcha davlat xizmatlarini tuman (shahar) kesimida aholining oʻzi baholaydigan tizim joriy etiladi.

Bunda aholi tomonidan “qoniqarsiz” deb baholangan vazirlik, idora rahbarlari hamda tuman (shahar) hokimlari shaxsiy javobgarligi belgilanadi.

Sunʼiy intellekt asosida aholining kundalik hayotida uchraydigan savollariga mobil telefon orqali sodda va qulay shaklda javob olish imkoniyatini beradigan onlayn platforma ishga tushiriladi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech