Avtomobil yo‘llari sohasidagi ishlar holati va navbatdagi vazifalar ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-dekabr kuni avtomobil yo‘llari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

 

Oxirgi uch yilda sohada bajarilgan ishlar, moliyalashtirish hajmi va amaliy natijalar haqida ma’lumot berildi.

Ushbu davr mobaynida avtoyo‘l sohasiga qariyb 40 trillion so‘m ajratilib, 63 ming kilometr yo‘lda qurilish va ta’mirlash ishlari bajarildi. Sohaga xorijdan jalb qilinayotgan mablag‘lar 3 barobar oshib, 2025-yilda 1,2 milliard dollarga yetdi. Yo‘l qurilishida namunaviy andozalardan voz kechilib, har bir hududning geologik va ekologik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda loyihalashtirish amaliyoti joriy etildi. Zamonaviy turdagi qoplamalar ishlab chiqilib, yo‘llarning xizmat muddati 1,5 barobarga oshirildi.

Taqdimotda sohada mavjud muammolarni hal etish yuzasidan taklif va rejalar taqdim qilindi. Avvalo, mavjud umumiy foydalanishdagi va ichki yo‘llar hamda ko‘priklarni ta’mirlash, yangilarini barpo etishda ilg‘or tajriba va jahonda o‘zini oqlagan texnologiyalardan foydalanish sustligi ko‘rsatib o‘tildi.

Kelgusi yillarda 21 ming kilometr yo‘llarni qurish va ta’mirlash, 14 ming kilometr tuproq yo‘llarni shag‘allashtirish hamda 325 ta ko‘prikni ta’mirlash rejalashtirilgan. Bunda xorijiy ekspertlar va texnologiyalarni keng jalb qilish, ilg‘or standartlarni joriy qilgan holda ishni tashkil etish topshirildi.

Og‘irligi me’yordan ortiq yuk avtomashinalarining harakatlangani oqibatida 1800 kilometr yo‘l ta’mirtalab holga kelib qolgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan yuk transporti vaznini nazorat qilish uchun o‘lchov tarozilari tarmog‘ini kengaytirish zarurligi qayd etildi. Hozirda 9 ta shunday tarozi o‘rnatilgan, 8 tasini o‘rnatish ishlari davom etmoqda. Kelgusida yana 35 ta ko‘chma va statsionar nazorat-o‘lchov maskanini barpo etishga topshiriq berildi.

Mutasaddilarga og‘irlik va gabarit nazorati bilan bog‘liq barcha jarayonlarni qamrab olgan idoralararo elektron axborot tizimini ishga tushirish topshirildi. Shuningdek, ob-havo sharoitlaridan kelib chiqib, og‘ir vaznli transport vositalari harakatlanishini mavsumiy cheklash tartibini ishlab chiqish taklif etildi.

Bugungi kunda yangi yo‘llarning 61 foizini, “Tashabbusli byudjet” doirasida esa ichki yo‘llarning 92 foizini xususiy sektor qurmoqda. Uzoq yillar davlat monopoliyasida bo‘lgan yo‘llarni saqlash ishlari ham bosqichma-bosqich xususiy sheriklikka berilmoqda.

Bu ishlarni kengaytirib, kelgusi yilda 3 ming kilometr, 2030-yilga borib esa 6,3 ming kilometr yo‘llarni saqlashga tadbirkorlarni jalb qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 86 ta tumanda quriladigan yo‘llarni to‘liq mahalliy pudratchilarga berish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Sohada raqamlashtirish darajasi past ekani, mavjud 59 ta xizmatning faqat 20 tasi raqamlashgani qayd etildi. Kelgusi yilda 28 ta xizmatni elektron shaklga o‘tkazish, intellektual transport tizimini joriy etish va 7 ta yangi elektron platformani ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.

Taqdimot yakunida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston avtomobil yo‘llarini 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

«Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech