Bugun insoniyat zamonaviy rivojlanish fonida atrof-muhit, tabiat va ekologiyaga jiddiy ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Sanoatning rivojlanishi, qurilishlar va qishloq xo‘jaligi maydonlarining kengayishi, urbanizatsiya, foydali qazilmalar qazib olinishi oqibatida butun Yer sayyorasida tubdan o‘zgarib borayotgan hududlar ko‘paymoqda, tabiiy hududlar sathi kamaymoqda.
Hayvonot va o‘simlik dunyosida ko‘plab tur va navlar yo‘qolib ketmoqda yoki yo‘qolish arafasida. Bu esa, o‘z navbatida, biologik xilma-xillikning buzilishiga sabab bo‘lmoqda, tabiiy yashash hududlariga zarar yetkazmoqda. Bir tomondan iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, tuproq tarkibining buzilishi, cho‘llanish kabi muammolar zanjir singari bir-biriga bog‘liq holda ko‘plab ekologik vaziyatlarni yuzaga keltiryapti.
6-oktabr — Butunjahon yashash joylarini muhofaza qilish kuni sifatida muhim ekologik sanalardan biri hisoblanadi. Mazkur sana 1979-yilda Yevropada yovvoyi fauna va florani hamda tabiiy yashash joylarini muhofaza qilish to‘g‘risidagi Konvensiya doirasida tasdiqlangan.
Mazkur ekologik sana insoniyatni tabiat bilan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga chorlaydi. Tabiatning har bir bo‘lagini ko‘z qorachig‘idek asrash, kelajak avlod uchun barqaror ekologik muhitni qoldirishga undaydi. Bu esa insoniyatga tabiat oldida, undagi har bir jonzotu har bir xas oldida javobgar va mas’uliyatli bo‘lish talabini qo‘yadi. Shunday ekan, ekologiya va tabiat oldida mas’ulligimiz, qarzdorligimiz, minnatdorligimiz, javobgarligimiz doimo ongu shuurimizda bo‘lmog‘i lozim.
Muhtarama Komilova, O‘zA
