15 oktyabr kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazida Buyuk Britaniya Birlashgan Qirolligi Oliy apellyatsiya sudining xalqaro munosabatlar bo'yicha Bosh sud`yasi Piter Gross bilan uchrashuv bo'ldi.
Uchrashuvda Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi Elchisi Tim Torlou ham ishtirok etdi.
Muloqot chog'ida Markaz direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatilla Tillaboev Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining asosiy vazifalari va vakolatlari, mamlakat qonun chiqaruvchi hokimiyati va sud-huquq sohalarida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, O'zbekistonda olib borilayotgan inson huquqlarini ta'minlash va unga rioya etish borasidagi siyosatning ustuvor yo'nalishlari haqida so'zlab berdi.
Piter Gross keyingi yillarda O'zbekistonda demokratik yangilanishlarni joriy etish, fuqarolik jamiyati qurish hamda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlarni alohida ta'kidladi.
Shuningdek, mehmon o'z faoliyati bo'yicha jinoyat huquqi, tijorat huquqi va sud nazorati sohalariga ixtisoslashganini qayd etdi. Xuddi shu sohalarda o'zaro hamkorlikka shayligini ma'lum qildi.
Muloqot davomida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning inson huquqlariga ko'rsatadigan ta'siri yuzasidan ham fikr almashildi. Odam savdosi va shu kabi boshqa illatlarga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligi borasida so'z yuritildi.
Tomonlar inson huquqlarini himoya qilish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdilar.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.10.2019
- Ko'rishlar: 5442
- Chop etish