Shu yil 6-7 noyabr kunlari Saudiya Arabistoni poytaxti – Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Inson huquqlari bo'yicha deklaratsiyasi loyihasini muhokama qilish va maromiga yetkazish yuzasidan Hukumatlararo ishchi guruhning 3-majlisi bo'lib o'tdi. Ushbu anjuman Islom hamkorlik tashkiloti Kotibiyati va IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi tomonidan tashkil etildi.
Tadbirdan ko'zlangan maqsad IHT Kotibiyati va Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi ishlab chiqqan Deklaratsiya matnini yakuniy tahrirdan chiqarishdir. Hujjat loyihasi IHT Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 2015 yilda bo'lib o'tgan 42-sessiyasi qaroriga binoan tayyorlangan.
Majlisda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatilla Tillaboev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.
Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligi Inson huquqlari bo'yicha departamenti direktori elchi Said al-Eter Hukumatlararo ishchi guruh majlisiga raislik qildi. Elchi IHTga a'zo davlatlarda inson huquqlarini yoyishda va inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarining samaradorligini oshirishda ushbu xalqaro tashkilotning roli kuchayib borayotganini qayd etdi.
Deklaratsiya loyihasida inson huquqlari bo'yicha xalqaro normalar va islom qadriyatlari o'z mujassamini topgan. Yangi hujjat islom dinining inson huquqlariga doir eng asosiy kontseptsiyalarini o'zida aks ettiradi.
IHT Bosh kotibining o'rinbosari elchi Tahri Ali Vahit bunga qadar IHTning Inson huquqlari bo'yicha deklaratsiyasi sifatida qabul qilingan Islomda inson huquqlari to'g'risidagi Qohira Deklaratsiyasi tashkilotga a'zo davlatlarning inson huquqlari bo'yicha umumjahon standartlarga qat'iy sodiqligini namoyon etganiga e'tiborni qaratdi. Elchining fikricha, IHTga a'zo davlatlarning bu boradagi tajribasi va jamoaviy xohish-irodasi yangi Deklaratsiyani ishlab chiqishda alohida o'rin tutadi.
IHT Inson huquqlari bo'yicha deklaratsiyasi loyihasi muhokamalarida O'zbekiston, Pokiston, Marokash, Misr, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Falastin, Mavritaniya, Quvayt, Qatar va boshqa davlatlar vakillari o'z taklif-mulohazalarini bildirdi.
Mamlaktimiz vakillari tomonidan anjuman ishtirokchilariga BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O'zbekiston ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasi loyihasi ishlab chiqilgani va ayni vaqtda xalqaro miqyosda muhokama qilinayotgani, 2018 yilda Samarqand shahrida Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi bo'lib o'tgani hamda ushbu xalqaro anjuman yakunida qabul qilingan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand Deklaratsiyasi BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasining rasmiy hujjati maqomiga ega bo'lgani haqida atroflicha ma'lumot berildi.
Oktyabr oyi boshida IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi O'zbekiston Hukumati va BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi ofisi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida yoshlar huquqlariga bag'ishlangan yirik xalqaro anjuman o'tkazdi. Ushbu nufuzli seminar yakunida Islom hamkorlik tashkiloti a'zo mamlakatlarida yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent Deklaratsiyasi qabul qilindi. Bu haqdagi axborot ham majlis ahlida katta qiziqish uyg'otdi.
O'zbekiston 2021–2023 yillarda BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga saylanish uchun o'z nomzodini ilgari surgan. Jidda anjumani ishtirokchilarining e'tirof etishicha, shu maqsadda mamlakatimiz tomonidan "Ixtiyoriy majburiyatlar va Bosh Assambleyaning 60/251-rezolyutsiyasi doirasidagi majburiyatlar" nomli hujjat ishlab chiqilgani hamda milliy parlamentda ma'qullangani juda muhimdir.
Ma'lumot uchun: Islom hamkorlik tashkilotining Islomda inson huquqlari to'g'risidagi Qohira Deklaratsiyasi IHT Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 1990 yili Qohira shahrida bo'lib o'tgan 19-sessiyasida qabul qilingan. O'shanda bu hujjat IHT doirasida inson huquqlari mavzusini muhokama qilish yo'lidagi dastlabki amaliy qadam bo'lgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 08.11.2019
- Ko'rishlar: 6120
- Chop etish