2019 yil 21 noyabrda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyatining faoliyatini qo'llab-quvvatlash to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to'g'risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida ishlab chiqildi va tasdiqlandi. U jurnal tahririyatining faoliyati samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan.
Yangi qaror davlat va huquq, sud tizimi, qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotini takomillashtirish, fuqarolarning huquqiy ongini shakllantirish hamda huquqiy savodxonligini oshirishning dolzarb muammolarini hal etishda yuridik jurnallar rolini kuchaytirishni nazarda tutadi. Unda 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, jurnalning moddiy-texnik bazasi va xodimlar moddiy ahvolini yaxshilashga doir vazifalar belgilangan.
Qarorga asosan “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining tarkibiy bo'linmasi hisoblanadi. Jurnal tahririyati tuzilmasi va xodimlar mehnatiga haq to'lash razryadlari tasdiqlandi.
Ma'lumot uchun: Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi muassisligida chop etilayotgan “Demokratlashtirish va inson huquqlari” ilmiy-ma'rifiy jurnali aholining huquqiy savodxonligi, siyosiy madaniyatini oshirishga, fuqarolarning xilma-xil huquqiy axborotlardan kengroq foydalanish imkoniyatini yaratishga yo'naltirilgan davriy nashrlar sirasiga kiradi. Jurnal sahifalarida, shuningdek, davlat va huquq masalalari, sud tizimini takomillashtirishning dolzarb muammolarini hal etishga, inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatini keng targ'ib qilishga qaratilgan ilmiy-nazariy maqolalar e'lon qilinadi.
Jurnal tashkil etilgandan buyon o'tgan davrda uning 82 ta soni nashr etildi. Yilning har choragida muntazam o'zbek, ingliz va rus tillarida nashr etiladigan jurnal xorijiy o'quvchilarni birinchi navbatda inson huquqlari sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, O'zbekiston Respublikasining chet ellardagi elchixonalari yordamida jahonning turli mamlakatlari ilmiy doiralari, huquqshunoslari va mutaxassislarini davlatimizning inson huquqlarini ta'minlashga qaratilgan siyosati bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qilmoqda.
Jurnal O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attetstatsiya komissiyasining huquqshunoslik, falsafa, tarix va sotsiologiya fanlari bo'yicha dissertatsiya asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro'yxatiga kiritilgan.
Tahririyat qoshida jahonning nufuzli huquqshunos olimlari, xususan, AQSH, Germaniya, Frantsiya, Rossiya, Pol`sha, Frantsiya, Slovakiya mutaxassislaridan iborat xalqaro hay'at shakllantirilgan. Bularning barchasi, mazkur davriy nashrning ilmiy-tahliliy saviyasini tubdan oshirishga samarali hissa qo'shmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.11.2019
- Ko'rishlar: 5155
- Chop etish