Guterrish: Soʻngi ikki yil Gʻazoda Ikkinchi jahon urushidan keyingi barcha mojarolarga qaraganda koʻproq jurnalist halok boʻlgan

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish dunyo hamjamiyatini Falastin xalqiga oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini berish orqali mustaqillik yoʻlida birdamlik koʻrsatishga chaqirdi.

Har yili 29-noyabrda Falastin xalqi bilan xalqaro birdamlik kuni nishonlanadi. BMT veb-saytida mazkur sana munosabati bilan eʼlon qilingan bayonotda Guterrish joriy xotira kuni “ikki yillik dahshatli azob-uqubatdan soʻng” kelishini taʼkidladi.

Afsuski, hozir gʻazoliklar oʻn minglab marhum qarindoshlari, doʻstlari uchun qaygʻurmoqda. Vafot etganlarning uchdan bir qismi bolalar. Mintaqa ochlik, kasallik va jiddiy jarohat azobi bilan kurashmoqda. Maktab, shifoxona va uylar xarobaga aylangan.

Bosh kotib halok boʻlganlar orasida yuzlab insonparvarlik xodimlari borligi, ularning aksariyati BMT mutaxassislari ekanini taʼkidlab, soʻnggi ikki yil Gʻazoda Ikkinchi jahon urushidan keyingi barcha mojarolarga qaraganda koʻproq jurnalist halok boʻlganini ham qoʻshimcha qildi.

– Ushbu fojia xalqaro hamjamiyat oʻnlab yil davomida shakllantirgan meʼyor va qonunlarni sinovdan oʻtkazdi, – deydi Bosh kotib. – Juda koʻp begunoh aholi halok boʻlishi, odamlar qayta-qayta koʻchirilishi, insonparvarlik yordamiga toʻsqinlik qilinishini hech qanday sharoitda qabul qilib boʻlmaydi. Gʻazoga “hayotni qutqaruvchi gumanitar yordam” keng koʻlamli kirishi qoʻllab-quvvatlanishi zarur. Soʻnggi oʻt ochishni toʻxtatish qarori “umid chirogʻini yoqdi” va barcha tomonlarni xalqaro huquqqa asoslangan yechim ustida yaxshi niyat bilan ishlash, qabul qilingan qoidalarga qatʼiy rioya qilishga chaqirdi. Ikki davlat qarorini amalga oshirish muhimligini yana bir bor tasdiqlayman. Falastin hududi noqonuniy bosib olinishini tugatish, 1967-yilgi chegaralar asosida tinchlikka erishishni taʼminlash zarur. Falastin xalqining qadr-qimmati, adolati va oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini himoya qilishga chaqiraman.

Eslatib oʻtamiz, Isroil 2025-yil 10-oktyabrda oʻt ochishni toʻxtatish kelishuviga erishilgandan soʻng Gʻazoga qarshi ikki yillik hujumni toʻxtatdi. Mojaro davomida 69 000 dan ziyod falastinlik halok boʻlgan, 170 000 dan koʻp inson yaralangan. BMT hisob-kitobiga koʻra, mintaqani tiklash uchun taxminan 70 milliard dollar kerak. Gʻarbiy Sohilda xuddi shu davrda 1076 falastinlik halok boʻlib, 10 700 dan ortigʻi yaralangan, 20 500 dan ortiq odam hibsga olingan.

Goʻzal Sattorova, OʻzA

Powered by GSpeech