Xitoy nashri: O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirishda jahon tajribasini faol qo‘llamoqda
Xitoyning nufuzli «Haixia Tongxun» jurnalining iyun sonida O‘zbekistonning kambag‘allikni qisqartirish sohasidagi islohotlariga bag‘ishlangan maqola chop etildi.
Uning mualliflari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti Osiyo-Tinch okeani mintaqasini o‘rganish markazi rahbari Abbos Boboxonov hamda institut ilmiy xodimi Madina Alimova sanaladi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, Xitoy qisqa tarixiy davrda yuz millionlab aholini qashshoqlikdan chiqarishga muvaffaq bo‘lgan. Natijada BMTning 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan o‘ta qashshoqlikni bartaraf etish vazifasini muddatidan oldin bajargan davlatlardan biriga aylangan. Shu bois mazkur tajriba O‘zbekiston uchun ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston so‘nggi yillarda aholi daromadlarini oshirish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish va barqaror o‘rta sinfni shakllantirishni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgiladi. Bu jarayonda mamlakatimiz Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish tajribasini o‘rganib, uni milliy sharoitlarga moslashtirmoqda.
Mualliflar 2021-yilda O‘zbekiston va Xitoyning tegishli vazirlik hamda idoralari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanganini yodga olgan. Mazkur hujjat asosida tajriba almashish, mutaxassislar tayyorlash va pilot loyihalarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgan.
2023-yildan boshlab esa ikki tomonlama amaliy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekistonlik mutaxassislar Xitoyda bo‘lib, joylardagi mahalliy tajribani o‘rgandi, xitoylik ekspertlar esa yurtimiz hududlarida tadqiqotlar o‘tkazdi. Bunday sheriklik natijasida bugungi kungacha 18 ta ustuvor loyiha hayotga tatbiq etildi.
Maqolada O‘zbekiston hududlarida Xitoy modeli asosida pilot tumanlar tashkil etilganiga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu hududlarda yo‘l, elektr va suv ta’minoti, aloqa infratuzilmasi, turizm, kichik biznes va sanoatlashtirish yo‘nalishlarini rivojlantirishga urg‘u berilmoqda. Ekspertlar bu yondashuvni Xitoyning qoloq hududlarni manzilli rivojlantirish strategiyasiga o‘xshatadi.
Shuningdek, materialda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha maxsus ikki tomonlama hamkorlik mexanizmi shakllangani bayon qilingan.
Bu sa’y-harakatlar O‘zbekistonda bir qator amaliy natijalarni bermoqda. Xususan, pilot hududlarda aholi bandligi va daromadlari o‘sib bormoqda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va sotish zanjirlarini shakllantirish, hunarmandchilikni rivojlantirish hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish borasida nafaqat Xitoy, balki Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya institutlari bilan ham faol hamkorlik qilmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinmi, O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish sohasida ilg‘or xalqaro tajribalarni uyg‘unlashtirgan holda o‘z milliy modelini izchil shakllantirmoqda.
O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.
Ўзбекча
English
Русский