Ijtimoiy himoya tizimida zamonaviy “aqlli” yechimlar joriy etiladi

Ma’lumki, CAMCE — Xitoydagi eng yirik injiniring kompaniyalaridan biri bo‘lib, 70 ta davlatda loyihalarni amalga oshiradi. Kompaniya sanoat, infratuzilma hamda ijtimoiy ob’ektlarni foydalanishga tayyor holatda qurishga ixtisoslashgan. Shuningdek, uning ekotizimida reabilitatsiya markazlari uchun zamonaviy jihozlar bilan to‘liq ta’minlashni o‘z ichiga olgan tayyor yechimlarni taqdim etuvchi hamkor va sho‘’ba korxonalar mavjud.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi delegatsiyasi Pekin shahrida Xitoyning yirik injiniring korporatsiyasi — CAMCE raisi janob Van Bo bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida korporatsiya raisi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatib borayotganini, ushbu jarayonlarda ochiqlik, ishonch va taraqqiyot ruhi yaqqol sezilayotganini ta’kidladi.

Muloqot davomida O‘zbekiston muvozanatli yo‘lni tanlagani,  insonga g‘amxo‘rlik va mamlakat taraqqiyoti bir vaqtda olib borilayotgani qayd etildi.

Uchrashuvda Yagona ijtimoiy himoya reyestri orqali manzilli yordam ko‘rsatish tizimi hamda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maktabgacha ta’lim va reabilitatsiya xizmatlarini birlashtirgan “Imkon” markazlari Xitoy tomonida alohida qiziqish uyg‘otdi.  

Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, tomonlar ijtimoiy himoya tizimiga zamonaviy “aqlli” yechimlarni joriy etish, shuningdek, ilg‘or injiniring texnologiyalari asosida reabilitatsiya infratuzilmasini yangilash imkoniyatlarini o‘rganishga kelishdi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA

Powered by GSpeech