Italiyada sudyalarni lotereya orqali tanlash imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda

Italiya hukumati sud tizimidagi korrupsiya va guruhbozlikka chek qo‘yish maqsadida qadimgi Rim an’analariga xos qiziqarli usulni joriy etishga tayyorlanmoqda. Bosh vazir Jorja Meloni boshchiligidagi konservativ hukumat sud tizimini tubdan isloh qilish tashabbusi bilan chiqdi.

Joriy yil 22- 23-mart kunlari Italiyada umumxalq referendumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbir orqali fuqarolar sud tizimi boshqaruv kengashi a’zolarini tasodifiy tanlash (lotereya) tizimiga o‘tishi masalasini hal qiladilar. Bu o‘zgarishdan ko‘zlangan asosiy maqsad  turli siyosiy kuchlar orasida yuz berayotgan yashirin kelishuvlarni yo‘qotishdir. Lotereya orqali saylangan a’zolar hech qaysi siyosiy guruh oldida o‘zini qarzdor hisoblamaydi.

Mazkur islohot uch asosiy yo‘nalishni qamrab oladi: sudya va prokurorlar faoliyati bir-biridan butunlay ajratiladi, sud tizimi boshqaruv kengashi ikki alohida va mustaqil organga bo‘linadi, tizim xodimlari xato va kamchiliklarini xolicona ko‘rib chiquvchi yangi maxsus intizomiy sud tashkil etiladi.

Hukumat rahbari RTL radiosiga bergan intervyusida shunday degan: Adliya Italiyani tutib turgan uch asosiy ustundan biri. Hozir amalga oshirmasak, bunday islohot imkoniyati boshqa kelmasligi mumkin.

Xullas, Italiya sud tizimi shaffofligi borasida mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilishi kutilyapti.

F. Yaxshiboyeva, O‘zA

Powered by GSpeech