Shu kunlarda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Yaponiyaga rasmiy tashrifiga tayyorgarlik jarayonlari qizg'in pallaga kirdi.
Oliy darajadagi tashrif arafasida milliy parlament a'zolari, davlat tashkilotlari rahbarlari va fuqarolik jamiyati institutlari faollaridan iborat O'zbekiston delegatsiyasi ushbu mamlakatda bo'lib turibdi. Delegatsiya tarkibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Qo'mitasi raisi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ham bor.
12 dekabr kuni O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari Yaponiya Parlamenti deputatlari bilan uchrashdi. Kunchiqar yurtning qonun ijodkorlari O'zbekistondagi taraqqiyot odimlarini diqqat bilan kuzatib borayotganlarini o'zaro muloqot chog'ida yaqqol namoyon etishdi.
“Shuning uchun yaponiyalik hamkasblarimiz O'zbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarga yuksak baho berdilar”, deb yozdi uchrashuvda ishtirok etgan delegatsiyamiz a'zosi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Eldor Tulyakov o'zining “Facebook”dagi sahifasida.
Uchrashuvda O'zbekiston va Yaponiya parlamentlarining deputatlari ikki mamlakat o'rtasida ta'lim, turizm, transport infratuzilmasi va savdo-sotiq sohalarida o'zaro hamkorlikni qo'llab-quvvatlash istagini bildirdi. Bu, o'z navbatida, Yaponiyada O'zbekiston bilan munosabatlarni kuchaytirishga qiziqish katta ekanidan dalolat beradi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
(Suratlar E.Tulyakovning “Facebook”dagi sahifasidan)
- Qo'shildi: 13.12.2019
- Ko'rishlar: 4936
- Chop etish