Avval xabar qilinganidek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi arafasida milliy parlament a'zolari, davlat tashkilotlari rahbarlari va fuqarolik jamiyati institutlari faollaridan iborat O'zbekiston delegatsiyasi ushbu mamlakatda bo'lib turibdi.
13 dekabr kuni mamlakatimiz delegatsiyasi a'zolari kunchiqar yurtda g'oyat mas'uliyatli va sharafli tadbirda ishtirok etdilar.
Nobel` mukofoti sovrindori, mashhur yapon olimi professor Riyodzi Noyoriga – O'zbekiston Fanlar akademiyasining faxriy akademigi, Nagoya Universiteti prezidenti professor Matsuo Seyitiga esa Toshkent Davlat texnika universitetining faxriy rektori unvonlari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir davomida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil dekabr` oyida Yaponiyaga bo'lajak tashrifi haqida ham fikrlar bildirildi. Bo'lajak tashrif, shubhasiz, mavjud samarali aloqalarni yanada yuqori pog'onaga ko'tarishga, davlatlararo munosabatlarda yangi bosqichning boshlanishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Muloqotlarda O'zbekiston va Yaponiya o'rtasidagi madaniy va ma'rifiy hamkorlikni rivojlantirish hamda yanada jadallashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ma'lumot uchun: taniqli kimyo olimi Noyori Ryodzi 2001 yilda katalitik asimmetrik sintez sohasidagi ishlanmasi uchun Nobel mukofotini olgan. Yaponiyaning ta'lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi ilmiy kengashining haqiqiy a'zosi va BMTning yetakchi loyihalari hamda AQSH, Xitoy, Yevropa mamlakatlari Fanlar akademiyalarining a'zosi.
Noyori Ryodzi 2018 yil avgust oyida O'zbekistonga tashrif buyurgan. O'shanda u o'zbek-yapon ilmiy simpoziumida vazirlik va idoralar, Fanlar akademiyasi, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, respublikamizning barcha hududlaridan taklif etilgan iqtidorli talabalar va yosh ilmiy tadqiqotchilar huzurida ma'ruza qilgan.
Matsuo Seyiti rahbarlik qilayotgan Nagoya Universiteti 1871 yil tashkil topgan bo'lib, 148 yillik tarixga ega. Bu nufuzli oliy ta'lim maskanida bugungi kunda qariyb 16 ming nafar talaba tahsil oladi.
Nagoya universiteti prezidenti Matsuo Seyitining 2018 yil avgust oyida O'zbekistonga tashrifi doirasida Yaponiyaning mazkur Universiteti bilan Toshkent Davlat texnika universiteti o'rtasida o'zaro hamkorlik memorandumi imzolangan. Memorandumda o'zbekistonlik iqtidorli talabalar Nagoya universitetida bepul ta'lim olishi nazarda tutilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
(Suratlar delegatsiya a'zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burxonovning “Facebook”dagi sahifasidan olindi)
- Qo'shildi: 13.12.2019
- Ko'rishlar: 5075
- Chop etish