Jinoyatchilikka majburan jalb etilgan bolalarni jabrlanuvchi deb e’tirof etish zarur

Avstriyaning Vena shahrida YeXHT tomonidan Odam savdosiga qarshi Alyansining "Majburiy jalb qilish shaklidagi jinoyatchilikning o‘sib borishi: xavfsizlik tizimidagi mavjud zaif nuqtalarni bartaraf etish" mavzusida konferensiya tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ham ishtirok etdi.

Ishtirokchi mamlakatlar vakillari majburiy jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida yangi yondashuvlarni joriy etish, jabrlanuvchilarning erta va chuqur identifikatsiyasi orqali ularning jinoyatchi stigmasiga barham berish va himoyalash yuzasidan o‘z milliy tajribalari haqida fikr almashdi.

Jumladan, majburiy jinoiylashtirishning oldini olish yuzasidan samarali uslub va instrumentlarni tatbiq etish yo‘llari, o‘z ixtiyoriga qarshi jinoyatga jalb etilganlarga jazolamaslik prinsipini keng qo‘llash zarurati muhokama qilindi.  

Nafaqat jinoiy ekspluatatsiya bilan kurashish, balki eng zaif guruh – bolalarni bu illatdan himoyalash sohasidagi bo‘shliqlarga barham berishga e’tibor qaratildi.  

Jinoyatchilikka majburan jalb etilgan bolalarni jabrlanuvchi deb e’tirof etish va ularni tizimli ravishda ijtimoiy integratsiya qilish choralarini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.  

Aytish joizki, 10 yildan buyon an’anaga aylangan Odam savdosiga qarshi Alyansning bu yilgi konferensiyasi yangi global xavf-xatarlarga nisbatan ta’sirchan mexanizmlarni ishlab chiqishda muhim o‘rin tutmoqda.  

Innovatsion yondashuvlarni tobora kuchaytirgan holda mamlakatlararo hamkorlikni mustahkamlamoqda.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech