JSST: Har yetti boladan biri xavf ostida

Yevropada bolalar va o‘smirlar ruhiyati bilan bog‘liq muammolar jiddiy tus olmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JST) yangi hisobotida shunday ogohlantirish berildi.

Ma’lumotga ko‘ra, 20 yoshga yetmagan har yettinchi yevropalik ruhiy salomatlik yetishmovchiligiga duch kelgan. Bu ko‘rsatkich so‘nggi 15 yilda 30 foiz oshgan. Ayniqsa, qizlar orasida vaziyat og‘ir: 15-19 yoshlilar to‘rtdan birining ruhiyati joyida emas.

Mutaxassislar bu salbiy holatni bir necha omil bilan bog‘lamoqda — pandemiya oqibati, ijtimoiy ihotalanish, iqtisodiy beqarorlik, urushlar va umumiy zo‘riqish darajasi kuchayishi.

Hujjat mualliflari da yana bir xavotirli jihat sifatida ruhiy sog‘likni tiklash bo‘yicha yordam yetarli emasligini ta’kidlagan. Qit’a davlatlarining to‘rtdan birida bolalar uchun jamoaviy psixologik xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmagan, har besh davlatdan birida esa muammo bo‘yicha alohida siyosat ishlab chiqilmagan.

JSST vakili Joao Breda vaziyatni “ogohlik qo‘ng‘irog‘i” deb atab, bolalar uchun sifatli yordam ta’minlanishi zarurligiga urg‘u bergan. Mutaxassislar, shuningdek, yoshlar AI chat-botlar, jumladan "ChatGPT" platformasidan hissiy yordam sifatida foydalanayotgani, mazkur tarmoq esa doim ham to‘g‘ri yo‘nalish beravermasligi mumkinligini qayd etgan.

Hisobot Yevropa va Markaziy Osiyodagi 53 davlat misolida ilk bor shunday keng qamrovli ma’lumot jamladi va mamlakatlarni ruhiy salomatlik tizimiga investitsiya kiritish, bolalar ehtiyojiga mos dasturlarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.

– Hozir chora ko‘rilmasa, kelajak avlod ruhan sog‘lom o‘sishi jarayoni xavf ostida qolishi mumkin, – deydi Breda.

Musulmon Ziyo, O‘zA

Powered by GSpeech