Bugungi kunda O'zbekiston “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan ustuvor g'oya asosida o'z taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qo'ymoqda. Xususan, bu jarayonda yurtimizda atoqli shoir va adiblarimiz nomlaridagi ijod maktablari tashkil etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, Muhammad Rizo Ogahiy, Is'hoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Halima Xudoyberdieva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablarida eng avvalo o'zbek tili va adabiyotini, badiiy ijod sirlarini chuqur o'rganish uchun barcha sharoit yaratilmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan Qarshi shahrida, Abdulla Oripov nomidagi maktab-internatda tashkil etilgan ijodiy uchrashuvda shu haqda so'z bordi. Muloqot Markazning «Inson huquqlarini o'qitishning uzluksiz tizimini yaratish – bugungi islohotlar talabi» mavzuidagi ma'rifiy-huquqiy aktsiyasi doirasida bo'lib o'tdi.
Abdulla Oripov nomidagi maktab-internat O'zbekistonda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash yo'lida amalga oshirilayotgan amaliy ishlarning o'ziga xos ko'zgusidir. Mazkur maktabda o'quvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
– Muassasamizning moddiy-texnik bazasi zamonaviy talablar asosida mustahkamlangan, – dedi maktab direktori Ubaydulla Oripov. – Bu yerda yotoqxona, oshxona, kutubxona, faollar zali mavjud bo'lib, ular zarur o'quv-laboratoriya jihozlari hamda komp`yuter texnikasi, o'quv-metodik majmualar, o'qituvchilar uchun metodik qo'llanmalar va badiiy adabiyotlar bilan ta'minlangan. Bunda akademik Akmal Saidov kabi maktabimiz o'qituvchilari va o'quvchilari bilan tez-tez uchrashuvga kelib turadigan yurtimiz ziyolilarining ham munosib hissasi bor.
Maktab-internatda bo'lib o'tgan uchrashuvda A.Saidov O'zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov xotirasiga bag'ishlab nashr ettirgan “Sen bahorni sog'inmadingmi?..” kitobining yaratilish tarixi haqida so'zlab berdi.
O'quvchilar sevimli shoirimiz she'rlaridan va o'z ijodlaridan namunalar o'qishdi.
Mehmonlar maktab qoshidagi Abdulla Oripov muzeyida ham bo'ldilar.
Muassasa kutubxonasi qoshida “Inson huquqlari kutubxonasi” tashkil qilinib, Markaz tomonidan beg'araz asosda 100 ta kitob taqdim etildi. Maktabga, shuningdek, akademik A.Saidovning yangi ilmiy-ijodiy asarlari sovg'a qilindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.01.2020
- Ko'rishlar: 4665
- Chop etish