O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini o‘tkazdilar

26-mart kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon tor doirada muzokara va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini o‘tkazdilar.

Davlatimiz rahbari Tojikiston Prezidentining ushbu davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat rishtalarini mustahkamlashda yana bir muhim qadam ekanini alohida ta’kidladi.

– Bugun biz Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini boshlab bermoqdamiz. Ushbu format, shubhasiz, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taradi, O‘zbekiston – Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini amaliy mazmun va ilg‘or tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hukumatlar, parlamentlar va idoralar darajasidagi faol va yaqin aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, sanoat ko‘rgazmasi va hududlar, rektorlar, olimlar, yoshlar va tahlil markazlarining forumlari muvaffaqiyatli tashkil qilindi. Ayni paytda mamlakatimizda Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari o‘tkazilmoqda.

Yig‘ilishda tomonlar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilib, ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish yo‘llarini tahlil qildilar hamda o‘zaro manfaatli O‘zbekiston – Tojikiston hamkorligini mustahkamlashga katta sur’at bag‘ishlaydigan bir qator muhim qarorlarni qabul qildilar.

O‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish, transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, suv va energetika xavfsizligini kuchaytirish choralariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi, eng avvalo, tayyor mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish hisobiga qariyb 1 milliard dollarga yetdi.

Sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika va boshqa ko‘plab sohalarda qator kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida aviareyslar, avtobus va poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan. Yuk tashish hajmi jadal o‘sib bormoqda.

2030-yilga kelib, o‘zaro savdoni 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

“Oybek – Fotihobod” chegaraoldi savdo markazini barpo etishni tezlashtirish, mahsulotlarni sertifikatlash va “E-Permit” ruxsatnomalarni almashish raqamli tizimlarini yo‘lga qo‘yish, chegara nazorat punktlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar bu marraga yetishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, tog‘-kon, energetika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, yengil sanoat, qurilish va boshqa sohalardagi loyihalarni o‘z ichiga olgan alohida Sanoat kooperatsiyasi dasturi qabul qilinmoqda.

Istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Investitsiya kompaniyasining kapitalini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, bugun ikki mamlakat hududida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga start beriladi.

Energetika, suv resurslarini boshqarish, transport va boshqa ko‘plab sohalardagi sheriklik atroflicha ko‘rib chiqilib, hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.

Yetakchilar hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, gumanitar, ta’lim va ilmiy almashinuvlarni rag‘batlantirishga kelishib oldilar.

Yirik diasporalar mavjudligini hisobga olib, madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha besh yillik chora-tadbirlar rejasini qabul qilish taklif qilindi.

Davlat rahbarlari mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama tuzilmalar va mintaqaviy formatlar doirasida yaqin muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi. Xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Yig‘ilishda Hukumatlararo komissiya hamraislari – ikki mamlakat Bosh vazirlarining hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Yakunda erishilgan kelishuvlarning to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash uchun keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi belgilandi.

ЎзА

Powered by GSpeech