Londonda O‘zbekiston bilan ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqboli muhokama qilindi

O‘zbekistonning Angliyadagi elchixonasida Elchi Ravshan Usmonov dunyoning eng yirik ta’lim muassasalaridan biri hisoblangan “Pearson” kompaniyasi biznesni rivojlantirish bo‘yicha vitse-prezidenti Jeyn Beyker bilan uchrashdi.

Muzokara davomida ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqboli, jumladan zamonaviy dasturlar va texnologiyalarni respublikamizdagi o‘quv jarayoniga joriy etish masalasi muhokama qilindi.

Bosh qarorgohi Londonda joylashgan, ta’lim xizmati sohasida global yetakchi mavqeiga ega “Pearson” kompaniyasi darsliklar nashr qilish, onlayn kurslar uyushtirish, o‘qituvchilar bilimini baholash tizimi va malaka oshirish dasturlari ishlab chiqishga ixtisoslashgan. Jamoa tuzilmasida dunyo bo‘ylab 70 mintaqaviy markaz faoliyat ko‘rsatadi. Ushbu bo‘limlarda 20 000 dan ziyod mutaxassis ishlaydi.

Uchrashuvda Britaniya tomoni vakillari kompaniyaning faoliyati, ta’lim mahsulotlari va kasbiy malaka hamda ko‘nikmani rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari haqida ma’lumot berdi.  

Jeyn Beyker yurtimizda amalga oshirilayotgan, yoshlar sifatli ta’lim olishiga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonini e’tirof etdi va o‘zbekistonlik sheriklar bilan faol hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Yakunda ta’lim tizimiga xalqaro standart va innovatsiyani joriy etishga ko‘maklashuvchi uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishdan umumiy manfaatdorlik tasdiqlandi.

A.Alimova, O‘zA

Powered by GSpeech