18 iyul – inson huquqlari, qadr-qimmati, tenglik va adolat uchun kurashgan atoqli siyosatchi Nelson Mandela xalqaro kuni. Bu sana BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2009 yilning noyabrida Janubiy Afrika rahbarining tinchlik va ozodlik uchun qo‘shgan hissasini e’tirof etish maqsadida ta’sis etilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillabаyev bilan ushbu xalqaro sananing mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida suhbatlashdik.
– Nelson Mandela aparteidga qarshi kurashish va qamoqxonadagi insonlar huquqlarini himoya qilish uchun katta hissa qo‘shgan, – dedi professor M.Tillabаyev. – Nelson Mandela xalqaro kuni – atoqli siyosatchining hayotiy qadriyatlari va uning nizolarni hal qilish, irqiy munosabatlar, inson huquqlarini targ‘ib etish va himoya qilish, yarashuv, gender tenglik, bolalar va aholining zaif qatlamlari huquqlarini ta’minlash, shuningdek, qashshoqlikka qarshi kurash va ijtimoiy adolatni qaror toptirish hamda boshqa shu kabi muhim sohalarda insoniyat oldidagi sodiq xizmatlarining o‘ziga xos e’tirofidir.
Uning demokratiya uchun xalqaro kurashga qo‘shgan hissasi va butun dunyoda tinchlik o‘rnatish borasidagi ko‘magi beqiyos. U inson huquqlari himoyachisi, siyosiy mahbus, xalqaro ko‘lamdagi tinchlikparvar siyosatchi va ozod Janubiy Afrikaning demokratik yo‘l bilan saylangan birinchi Prezidenti sifatida o‘z hayotini to‘laligicha tinchlik va insonparvarlik ishiga bag‘ishlagan.
Mandela ta’kidlaganidek, «Tinchlik – nafaqat urushlarning yo‘qligi; tinchlik – irqi, tana rangi, e’tiqodi, dini, jinsi, sinfi, tabaqasi yoki boshqa ijtimoiy holati yoki mavqeidan qat’i nazar, har bir inson obod va ozod yashaydigan farovon muhitning yaratilishidir. Diniy mansublik, etnik kelib chiqish, turli tillarda so‘zlashish, o‘zaro farqli ijtimoiy amaliyot va madaniy an’analar insoniyat sivilizatsiyasini rang-baranglik bilan boyitadigan muhim ne’matlardir».
– Bugungi kunda Nelson Mandela xalqaro kunini nishonlashda aynan qanday tamoyillarga tayanilmoqda?
– Joriy yilda Nelson Mandela xalqaro kuni «Qashshoqlik va tengsizlikni hal qilish – o‘z qo‘limizda» degan mavzu doirasida nishonlanmoqda. Bu, albatta, bejiz emas.
BMT Bosh kotibi A.Guterrishning murojaatnomasida qayd etilganidek, «Biz yashayotgan dunyoda tengsizlik va tarqoqlik hukm surmoqda. Hamma joyda ochlik va kambag‘allikka duch kelayapmiz… Ammo biz birgalikda insonlar orasidagi tengsizlikka barham bera olamiz. Biz irqchilikka qarshi kurashish, inson huquqlarini hurmat qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi turish va butun insoniyat uchun munosib dunyo yaratishga qodirmiz».
Nelson Mandela o‘zining 67 yillik umrini adolat uchun kurashga safarbar etgan. Shu munosabat bilan Nelson Mandela jamg‘armasi tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan holda, BMT Bosh kotibi barchamizni Nelson Mandela xalqaro kunida 67 daqiqa vaqtini – jamiyat manfaatlari uchun foydali faoliyatga bag‘ishlashga chaqirdi.
– «Nelson Mandela qoidalari»ning tarixi va ma’no-mohiyati haqida qanday ma’lumotlar taqdim eta olasiz?
– BMT Bosh Assambleyasining 70/175-rezolyutsiyasi bilan har yili 18 iyulda nishonlanadigan Nelson Mandela xalqaro kuni tadbirlari qamrovini yanada kengaytirish ko‘zda tutildi. Bunda, ozodlikdan mahrum qilishning insonparvar sharoitlarini targ‘ib etish, mahkumlar jamiyatning ajralmas qismi ekanligi haqida xabardorlikni oshirish va qamoqxona muassasalari xodimlari mehnati alohida ahamiyatga ega ijtimoiy xizmat sifatida munosib qadrlanishini e’tirof etishga qaratilgan ishlarni kuchaytirishga qaror qilindi.
Bosh Assambleya rezolyutsiyasi asosida «Mahbuslar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalari»ning qayta ko‘rib chiqilgan matni qabul qilindi. Shuningdek, Ekspertlar kengashining ushbu Qoidalarni marhum Janubiy Afrika prezidenti xotirasi sharafiga «Nelson Mandela qoidalari» deb nomlash haqidagi tavsiyasi ma’qullandi.
BMTning «Mahbuslar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalari», ya’ni «Nelson Mandela qoidalari» qamoqxona xodimlari uchun mahbuslar bilan munosabatda bo‘lishning universal va e’tirof etilgan eng kam andozalari hisoblanadi. Muhimi, «Nelson Mandela qoidalari» katta ahamiyatga ega bo‘lib, butun dunyodagi BMTga a’zo davlatlarda qamoqxona qonunchiligi, siyosati va amaliyoti tizimini rivojlantirishga o‘z ta’sirini o‘tkazib kelmoqda.
– «Nelson Mandela qoidalari» matni o‘zgartirilmaydigan hujjat hisoblanadimi?
– Yo‘q, albatta. Gap shundaki, 1955 yildan e’tiboran xalqaro huquq va qamoqxona sohasiga aloqador ilm-fanda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarni hisobga olgan holda, BMT Bosh Assambleyasi 2011 yilda ochiq tarkibga ega bo‘lgan Hukumatlararo ekspertlar guruhini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ushbu guruhning vazifasi «Mahbuslar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalari», ya’ni «Nelson Mandela qoidalari»ni qayta ko‘rib chiqish va unga tuzatishlar kiritishdan iborat.
Ma’lumki, «Nelson Mandela qoidalari» 122 qoidani o‘z ichiga oladi. Bu qoidalar 1955 yilgi Minimal qoidalar bilan solishtirilsa, 2015 yilda uning qariyb 35 foizi yangilangani va ushbu o‘zgarishlar, birinchi navbatda, jinoyat-ijroiya faoliyatining eng dolzarb jihatlariga qaratilgani yaqqol ko‘rinadi.
Xususan, o‘tgan davrda «Nelson Mandela qoidalari»ga: mahkumlarning insoniy qadr-qimmatini hurmat qilish; tibbiy xizmatlar va sog‘liqni saqlash; intizomiy choralar va jazolar; hibs davridagi o‘lim, qiynoqlar yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat yo jazo berish holatlarini tekshirish; ozodlikdan mahrum etilganlarning eng zaif qatlamlari alohida ehtiyojlarini himoya qilish va qondirish; mahkumlarning yuridik vakillikdan foydalanish imkoniyati; shikoyatlar va mustaqil tekshiruvlar; muassasa xodimlarini o‘qitish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha muayyan o‘zgartirishlar kiritilgan.
Aslida, «Nelson Mandela qoidalari» majburiy yuridik kuchga ega emas, balki maslahat mazmuniga egadir. Shunday bo‘lishiga qaramay, ushbu hujjat jinoiy jazoni o‘tayotgan shaxslarga nisbatan muomala standartlarini tartibga soluvchi barcha boshqa normativ-huquqiy hujjatlar uchun o‘ziga xos andaza bo‘lib xizmat qiladi.
O‘tgan yillar davomida «Mahbuslar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalari» davr sinovidan hayratlanarli tarzda muvaffaqiyatli o‘tib kelmoqda. Buning sababi shundaki, «Nelson Mandela qoidalari» sodda va tushunarli shaklda tuzilgan bo‘lib, ular o‘zida mujassam etgan tamoyillar haligacha dolzarbligi hamda hayotiyligini yo‘qotmagan.
– O‘zbekistonning qiynoqlar masalasiga yondashuvi «Nelson Mandela qoidalari»ga qanchalik mos keladi?
– Mamlakatimizda qiynoqlar va zo‘ravonlikning boshqa turlari konstitutsiyaviy darajada taqiqlangan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 26-moddasida qiynoqlar, zo‘ravonlik va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlari taqiqlandi. Davlat bu yo‘nalishda inson huquqlari kafolatlarini mustahkamlashning institutsional-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirmoqda, jumladan, «Nelson Mandela qoidalari» milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotga joriy qilindi.
Aslida qiynoqlar global muammo bo‘lib, unga barham berish ham global maqsadga aylanishi kerak. Bu maqsadga faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar orqaligina erishish mumkin. Ayni sohada xalqaro hamkorlar, xususan, BMT, YeXHT, mintaqaviy tashkilotlar, milliy hamkorlar va fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik katta ahamiyatga ega.
Mamlakatimiz qiynoqlar qo‘llanishini ochiq va qat’iy ravishda qoralaydi. O‘zbekiston Prezidenti o‘z ma’ruza va nutqlarida, jumladan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2021 yil 22 fevraldagi 46-sessiyasida so‘zlagan nutqida va parlamentga taqdim etgan Murojaatnomalarida qiynoqlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini hamda qiynoqlar uchun javobgarlik muqarrarligini qayta-qayta ta’kidlab kelmoqda.
Yurtimizda qiynoqlar va zo‘ravonlikning boshqa har qanday turlari Konstitutsiya va qonunlarimiz darajasida taqiqlangan. Davlat bu yo‘nalishda inson huquqlari kafolatlarini mustahkamlashning institutsional-huquqiy mexanizmlaridan samarali foydalanmoqda. Buni «Nelson Mandela qoidalari» milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etilgani ham yaqqol tasdiqlaydi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston BMT Bosh kotibining «Inson huquqlari yo‘lida harakatga da’vat» tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va Taraqqiyot strategiyasi hamda «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarda inson huquqlari masalasi muhim o‘rin tutadi. Ayni islohotlar BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos keladi hamda «Hech kimni ortda qoldirmaslik» tamoyilini ta’minlashga qaratilgan.
O‘zA muxbiri Norgul Abduraimova suhbatlashdi.
- Qo'shildi: 18.07.2024
- Ko'rishlar: 1467
- Chop etish