2024 yil 18 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisi bo‘ldi.
Unda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 2024 yil 24 iyundagi murojaati asosida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 86-moddasi birinchi qismiga rasmiy sharh berish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Sud majlisiga Konstitutsiyaviy sud raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov raislik qildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga kiritilgan masala yuzasidan ma’ruzachi sudya qonun normasiga sharh berish bo‘yicha kelib tushgan murojaatning mohiyati, ish ko‘rilishiga sabab bo‘lgan asosiy holatlar yuzasidan ma’ruza qildi.
Sud majlisida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi vakili Konstitutsiyaviy sudga mazkur masalani kiritishga asos bo‘lgan holatlar, shuningdek, boshqa vajlar hamda dalillar va ma’lumotlarni bayon qildi. Ko‘rib chiqilayotgan masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zolarining fikr va mulohazalari tinglandi.
Shundan so‘ng Konstitutsiyaviy sud raisi sud majlisida bildirilgan barcha fikr-mulohazalarni chuqurroq o‘rganish va ishga oid materiallarni har tomonlama tahlil qilish, Konstitutsiyaviy sudning qarorini tayyorlash maqsadida Konstitutsiyaviy sud majlisi 2024 yil 23 iyul kuni davom ettirilishini e’lon qildi.
Nazokat Usmonova,
Asliddin Alijonov (surat)
O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 18.07.2024
- Ko'rishlar: 1315
- Chop etish