Bugun Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi mutasaddilari BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Radjagopal boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida qisqa bo‘lsada, ammo tarixiy yo‘lni bosib o‘tgani, mamlakatimizda uning darajasi 2021-yildagi 17 foizdan 2023-yil yakuni bilan 11 foizga tushgani alohida e’tirof etildi.
Qayd etilganidek, aholining, ayniqsa kam daromadli oilalarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida oxirgi 4 yilda 49 mingga yaqin kam daromadli oilaga uy-joy olishi uchun subsidiya mablag‘lari to‘lab berildi.
Uchrashuvda “hokim yordamchilari” institutining joriy qilingani oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, ularning doimiy bandligini ta’minlashda muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlandi. Umuman olganda aholining munosib turmush sharoitlarini yaratish, kasb o‘rganishi, ishga joylashishi kabi yo‘nalishlardagi barcha loyihalar xususida ma’lumot berildi.
Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi mutasaddilari ham o‘z faoliyatlari yuzasidan axborot berdi. Xususan, ushbu tizim yangi tashkil etilgani, hozirda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga individual yordam ko‘rsatish imkoni paydo bo‘lgani aytib o‘tildi. Muloqot yakunida delegatsiya a’zolari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
Janob Balakrishnan Radjagopal Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mehmonlar kitobiga o‘zining samimiy tilaklarini yozib qoldirdi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi
- Qo'shildi: 22.08.2024
- Ko'rishlar: 957
- Chop etish