TOSHKENT, 21-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun BMTning uy-joy huquqi bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Balakrishnan Rajagopal bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"BMTning Uy-joy huquqi bo'yicha Maxsus ma'ruzachisi janob Balakrishnan Rajagopal bilan uchrashdik, – deb yozdi O'zbekiston TIV rahbari o'zining telegram-kanalida. – O'zbekiston Hukumati xalqaro tashkilotlar bilan ko'plab sohalarda faol hamkorlik qilmoqda. 2024-yil boshidan buyon O'zbekiston tashabbusi bilan BMTning 5 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi. Biz BMTning maxsus ma'ruzachilari bilan barcha sohalarda yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz".
Eslatib o'tamiz, BMTning uy-joy huquqi bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Balakrishnan Rajagopal 19-30-avgust kunlari tashrif bilan O'zbekistonda bo'lib turibdi. U milliy qonunchilikda va amaliyotda uy-joy huquqini himoya qilish va amalga oshirish, jumladan, uy-joyning arzonligi hamda yaroqliligi, xizmatlardan foydalanish imkoniyatini va majburiy ko'chirishni o'rganib chiqadi.
- Qo'shildi: 22.08.2024
- Ko'rishlar: 1207
- Chop etish