Kuni kecha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov, vazir o‘rinbosari Davron Adilov hamda boshqa bir qator mutasaddilar BMTning Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Rajgopal Balakrishnan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdilar.
Uchrashuvda shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Inson huquqlari bo‘yicha maslahatchi Teyssen Gunnar, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosining O‘zbekistondagi Milliy dastur koordinatori Ildar Fayzullin ham ishtirok etdilar.
Rajgopal Balakrishnan mamlakatimizda uy-joy siyosati, unga bo‘lgan talab va taklif ko‘rsatkichlari, narxga ta’sir etuvchi omillar xususidagi masalalarga qiziqdi. O‘z o‘rnida D.Adilov mamlakatimizda qurilish sohasidagi bir qator islohotlar, mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar faoliyatiga berilayotgan ko‘mak hamda uy-joy narxini barqaror ushlab turish maqsadida qator import qilinadigan qurilish materiallariga davlat tomonidan bojlarning olib tashlanganligi yuzasidan ma’lumotlar berdi.
Uchrashuv davomida shuningdek, aholining kam ta’minlangan qatlamini uy-joy bilan ta’minlash, mahalliy davlat boshqaruvi organlari budjeti hisobidan har yili 1 000 ta uy-joy xarid qilinishi va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga bepul ijaraga berilayotganligi tushuntirib o‘tildi.
- Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda inson qadri va xalq manfaati har narsadan ustun, tamoyili ilgari surilmoqda. Qay soha bo‘lmasin, har bir islohot eng avvalo yurtdoshlarimizning farovon turmushi uchun xizmat qilmoqda. Bu yo‘ldagi vazifalarimiz, maqsadlarimiz hali juda ko‘p, - dedi vazir o‘rinbosari D.Adilov.
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining rasmiy kanali
- Qo'shildi: 26.08.2024
- Ko'rishlar: 907
- Chop etish