“AVESTOS GmbH” kompaniyasi Germaniyadagi kasb-hunarlarni xorijliklarga o‘rgatish konsepsiyasini joriy qilish bilan shug‘ullanadi. Bunda esa xorijiy mamlakatlarda nemis modeli bo‘yicha kasbiy ta’lim olish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutiladi.
Joriy yilning boshida O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi, Saksoniya federal o‘lkasining Iqtisodiyot vazirligi hamda Hunarmandlar palatasi vakillari bilan uchrashuvlardan so‘ng yangi konsepsiya ishlab chiqildi.
Unga asosan O‘zbekistonda Germaniya standartlari bo‘yicha o‘quvchilarni kasbiy ta’limga tayyorlash modelini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganib chiqdik. Ya’ni, Qashqadaryo viloyatiga borib, joylardagi ta’lim sharoiti va imkoniyati bilan tanishdik. O‘rganishlar natijasida Germaniyaning bu tizimini O‘zbekistonga kirita olamiz, degan xulosaga keldik.
Shu tariqa, joriy yilning iyun va sentyabr oylarida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan ikkita kasb, ya’ni qurilish va metallga qayta ishlov berish sohasidagi kasb-hunarlar bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirishga qaror qilindi. Kasb-hunar maktablariga qo‘yiladigan talablarni inobatga olgan holda, Yevropa malaka darajasining 4-darajasiga teng keladigan quruvchi-usta mutaxassisligi bo‘yicha uch yillik hamda metallga ishlov berish yo‘nalishi bo‘yicha uch yarim yillik o‘qishni tashkil etishni rejalashtirdik.
Kasbiy ta’lim tizimiga Germaniya standartlarini kiritish uchun, albatta, o‘quv muassasasi bir tomondan tegishli moddiy-texnik bazaga ega bo‘lishi va talabga mos jihozlangan, shuningdek, nemis modeli bo‘yicha o‘qitadigan o‘qituvchilar bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim. Shu maqsadda o‘zbekistonlik o‘qituvchilarni Leypsig shahriga to‘rt haftalik malaka oshirish kursiga taklif qildik. Ular germaniyalik kasb ta’limi o‘qituvchilariga qo‘yilgan ko‘nikma va malakalarni o‘rgangandan so‘ng O‘zbekistonda nemis modeli bo‘yicha kasbga o‘qitish huquqini oladi.
Ayni paytda o‘zbekistonlik bir guruh kasbiy ta’lim o‘qituvchilari Germaniyada malaka oshirmoqda.
Loyihamiz qisqa vaqt ichida amalga oshayotganidan juda xursandman. O‘zbekistondagi mazkur ikki kasb-hunar maktabida ushbu kasblar bo‘yicha o‘qitishning boshlanishi orqali kasbiy ta’lim sohasida Germaniya va O‘zbekiston hamkorligi uchun tamal toshi qo‘yiladi. Bitiruvchilarga nemis standartlariga muvofiq kasb o‘rganganligi haqida Leypsig hunarmandlar palatasi tomonidan tasdiqlangan maxsus sertifikat beriladi. Kelajakda Sanoat va savdo palatasi tomonidan tavsiya etilgan kasblarga o‘qitish joriy qilinsa, Leypsig Sanoat va savdo palatasi bilan hamkorlikdagi malaka sertifikati yoki diplom berishi imkoniyati ham mavjud. Ushbu sertifikatlar bilan bitiruvchilar nafaqat o‘z yurtida, balki dunyoning barcha mamlakatida ham yuqori malakali mutaxassis sifatida faoliyat yuritishi mumkin. Ular Yevropa Ittifoqi, qolaversa, Germaniyada ish tajribasini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi va shu orqali mamlakatingiz iqtisodiyotini ko‘tarishga o‘z hissasini qo‘shadi.
Biz uchun yana bir quvonarli tomoni shundaki, loyihamizni amalga oshirishda O‘zbekiston tomonidan nafaqat davlat rahbariyati, viloyat hokimligi, ta’lim mutasaddilari yaqindan yordam bermoqda, balki O‘zbekiston elchixonasi ham biz bilan doimiy aloqada bo‘lib, barcha masalalarda qo‘llab-quvvatlamoqda. 2025 yildan boshlab, loyihani bosqichma-bosqich yurtingizning boshqa hudularida ham joriy etish niyatimiz bor.
Fikrimcha, bu tashabbus orqali O‘zbekistonda keyingi 15 yil ichida dual kasbiy ta’lim tizimini asta-sekin kengaytirish uchun zamin yaratiladi. Ishonchim komilki, bugun bizda malaka oshirayotgan o‘qituvchilar yaqin kelajakda nemis modeli bo‘yicha O‘zbekiston uchun mustaqil ravishda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni boshlaydi. Shu sababli, ham biz bu tarixiy jarayonga ishtirok etayotganimizdan bag‘oyat mamnunmiz va loyihada ishtirok etayotgan barcha hamkorlarimizga muvaffaqiyat tilayman.
Klaus Mixel,
“AVESTOS GmbH” kompaniyasi rahbari.
O‘zA.
- Qo'shildi: 05.09.2024
- Ko'rishlar: 884
- Chop etish