9-sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Davlat va huquq instituti direktori M.Turg‘unov bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati huzuridagi Qonunchilik va qiyosiy huquq instituti direktori, Rossiya Fanlar akademiyasi prezidenti o‘rinbosari T.Xabriyeva o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi Hukumati huzuridagi Qonunchilik va qiyosiy huquq instituti Xalqaro huquq va qiyosiy huquq tadqiqot markazi rahbari A.Kovler ham ishtirok etdi.
Ikki mamlakatning tegishli institutlari o‘rtasida uzoq muddatli va barqaror hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan mazmunli va amaliy fikr almashildi. Huquqiy islohotlarni rag‘batlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari, shuningdek, huquqiy tartibga solish va inson huquqlarini himoya qilish sohasida ilmiy tadqiqotlar va ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.
Asosiy e’tibor inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga qaratildi. Tomonlar fuqarolarning huquq va erkinliklarini har tomonlama himoya qilishni ta’minlash, ularni yangi global muammolarga moslashtirishga oid qonunchilik bazasini takomillashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlar muhimligini ta’kidladilar.
Shu nuqtayi nazardan, har ikki davlatning xalqaro majburiyatlariga mos keladigan, inson huquqlarini himoya qilish tizimini milliy darajada mustahkamlashga xizmat qiluvchi ilg‘or inson huquqlari standartlarini joriy etish zarurligi qayd etildi.
Transmilliy tahdidlar va aholi ayrim toifalarining zaifligi kabi global muammolarning kuchayishi sharoitida tomonlar inson huquqlari buzilishining oldini olishga, aholining eng zaif qatlamlarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqishda hamkorlikni faollashtirishdan chuqur manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Bunda, shuningdek, jamiyatning barcha qatlamlari uchun adolatli va teng huquqli sudlovdan foydalanishni ta’minlash borasidagi hamkorlikning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
T.Xabriyeva O‘zbekistonda konstitutsiyaviy qurilish va inson huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami va teranligini yuksak baholadi. Bu o‘zgarishlar davlatning huquqiy asoslarini mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlashga xizmat qilayotganini e’tirof etdi.
Mehmon, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiyaning inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha pozitsiyalari o‘xshashligini alohida ta’kidladi. Bu omil, o‘z navbatida, inson huquqlari sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish va o‘zaro tajriba almashish uchun qo‘shimcha qulay maydon yaratishga xizmat qiladi.
Rossiya tomoni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatiga ham yuqori baho berdi. Ayniqsa, inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro tuzilmalar bilan samarali aloqalarni amalga oshirish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishi to‘g‘risida milliy ma’ruzalarni tayyorlash hamda BMTning ustav va shartnomaviy organlari tavsiyalarini bajarish borasidagi ishlar diqqatga loyiq ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar inson huquqlariga hurmat va himoyani ta’minlash sohasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga kelishib oldilar. Bu hamkorlik qamrovi ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish, inson huquqlari mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, fuqarolarning huquq va erkinliklarini xalqaro standartlarga muvofiq himoya qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga oladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.09.2024
- Ko'rishlar: 1102
- Chop etish