17-sentyabr kuni Adliya vazirligida shu mavzuda ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Unda asosiy e’tibor davlat organlari va tashkilotlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash samaradorligiga hissa qo‘shish, murojaatlar bilan ishlashga mas’ul xodimlarni bu borada qonunchilikdagi yangiliklardan boxabar qilish, murojaatlarga doir qonunchilikdagi muammoli holatlarni ilmiy-nazariy jihatdan tahlil qilish hamda mutaxassislar va keng jamoatchilik o‘rtasida o‘zaro tajriba almashinuvi maydonini yaratish masalalariga qaratildi.
Tadbirda adliya vaziri o‘rinbosari Sh.Rabiyev so‘zga chiqib, birgina O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga platforma ishga tushgan vaqtdan boshlab qariyb 10 millionga yaqin murojaat kelib tushganligini ta’kidladi. Bunday keng qamrov, o‘z navbatida, davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlovchi mas’ul xodimlaridan yanada katta mas’uliyat va bilim talab etadi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-oktyabrdagi qarori asosida davlat organlari va tashkilotlarining murojaatlar bilan ish olib boruvchi xodimlari malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi va uning filiallarida ushbu qaror ijrosi yuzasidan 2024-yilning birinchi yarmida davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi 1 ming 835 nafar mas’ul xodimning sohaga oid malakasi oshirildi.
Onlayn va oflayn tarzda tashkil etilgan anjumanda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev ishtirok etdi va so‘zga chiqdi. Konferensiya qatnashchilariga Milliy markazning murojaatlar bilan ishlash borasidagi amaliy tajribasi yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, konferensiya doirasida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunga sharh va “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi” nomli kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.09.2024
- Ko'rishlar: 785
- Chop etish