16-17-sentyabr kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Farg‘ona viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi qabul qilinganining 40-yilligiga bag‘ishlandi.
O‘quv kursi Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Farg‘ona viloyati prokuraturasidan 10 nafar, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan 50 nafar xodim tinglovchi sifatida ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov o‘quv kursi ochilishi munosabati bilan yo‘llagan videomurojaatlarida ishtirokchilarni qutladi.
O‘quv mashg‘ulotlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga asosan o‘tkazilayotgani alohida ta’kidlandi. Bunda, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalariga tayanilmoqda.
Mashg‘ulotlar avvalida BMTga teng huquqli a’zo hisoblanuvchi O‘zbekiston qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab kelishi qayd etildi. Xalqaro huquqqa ko‘ra, qiynoqlar – insoniyatga qarshi jinoyatdir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquqlari va erkinliklari kafolatini yanada kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida izchil va keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-iyunda qabul qilingan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini alohida ta’kidlash lozim. Xuddi shu qaror tufayli 26-iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni yurtimizda milliy va xalqaro darajadagi tarixiy ahamiyatga molik sana sifatida nishonlanishi yaxshi an’anaga aylandi.
Tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish borasidagi tashabbus ham dastavval ayni shu qarorda o‘z aksini topgan.
O‘z navbatida, Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi qaroriga muvofiq, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda tashkil etilmoqda.
O‘quv kursi dasturiga muvofiq “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar” mavzusida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi boshlig‘i, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Farhod Hayitboyev, “Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishini oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi kafedra boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, dotsent Luqmonjon Isoqov, “Qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari” mavzusida IIV Malaka oshirish institutining “Yuridik fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi Jasur Hamrayev, “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati” mavzusida IIV Akademiyasi “Jazoni ijro etish faoliyati” kafedrasi dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Quvonch Qodirov taqdimot va interaktiv mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
O‘quv kursining ikkinchi kuni “Qiynoqqa solishga qarshi kurashishda voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar”, “Qiynoqqa solishga qarshi kurashishda kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, qiynoq to‘g‘risida xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanilishi” mavzularida IIV Akademiyasi Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti boshlig‘i, yuridik fanlar doktori Alimjan Matchanov hamda “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari” mavzusida IIV Malaka oshirish institutining “Yuridik fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi Jasur Hamrayevning taqdimot-ma’ruzalari tinglandi..
Ikki kunlik qisqa o‘quv kursi davomida ichki ishlar, prokuratura hamda sud tizimida faoliyat yurituvchi 60 nafar tinglovchining nazariy bilimlari amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi.
Mashg‘ulotlar yakunida test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.09.2024
- Ko'rishlar: 812
- Chop etish