Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga oid me’yorlar takomillashtirilmoqda

20-21-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik yettinchi yalpi majlisida, jumladan, “Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda ishlab chiqarish muhiti to‘g‘risidagi 155-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1981-yil 22-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun  ko‘rib chiqildi. 

Qayd etilganidek, bugungi kunga qadar Konvensiya 75 ta davlat, shu jumladan, MDHga a’zo davlatlar orasida Rossiya, Belarus, Ukraina, Tojikiston Qozog‘iston va Ozarbayjon tomonidan ratifikatsiya qilingan.

Konvensiyada mehnat faoliyati jarayonida va ishlab chiqarish muhitida mehnat xavfsizligi va gigiyenasini ta’minlash, shu jumladan, ish joyida yoki ish vaqtida ishchi va xodimlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi bilan bog‘liq bo‘lgan baxtsiz hodisalar yoxud xavflarning oldini olishga qaratilgan talablarni yanada kuchaytirish nazarda tutilgan. 

Senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi va Xalqaro mehnat tashkiloti o‘rtasida hamkorlik rivojlanib borayotgani, milliy mehnat qonunchiligining xalqaro mehnat standartlariga javob berishini hisobga olgan holda mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi kelgusida sohadagi milliy qonunchilikni hamda Xalqaro mehnat tashkilotining hujjatlarida belgilangan mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga oid me’yorlarni takomillashtirishga, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonidagi baxtsiz hodisalar, kasbiy kasalliklar, ish vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olishga qaratilgan xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Oliy Majlis Senati Axborot xizmati xabariga ko‘ra, Senatning ellik yettinchi yalpi majlisida jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 19 ta masala, shu jumladan, 16 ta qonun ko‘rib chiqildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech