Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Andijon shahridagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan huquqiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda Milliy markazning bo‘lim boshlig‘i Farhod Hayitboyev ishtirok etdi.
Tadbirda o‘qituvchilarning jamiyatda tutgan o‘rni va inson huquqlarini ta’minlash hamda targ‘ib etish sohasidagi roli haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi orqali yosh avlodga keng qamrovli bilim berishning nechog‘lik muhimligiga e’tibor qaratildi.
Ayniqsa, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va inson huquqlarini himoya qilish, huquqiy ongni oshirish borasidagi sa’y-harakatlarning ulkan ahamiyati alohida ta’kidlandi. O‘qituvchilarning ta’lim jarayonida inson huquqlariga oid bilimlarni yosh avlodga yetkazish borasidagi jonkuyarligi e’tirof etildi.
Milliy markaz vakili o‘qituvchi va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi. Mehribon ustozlarning fidokorona mehnatlari mamlakatimizni barqaror rivojlantirish va jamiyatimizni farovon etishda beqiyos ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Tadbir yakunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan maktab jamoasiga inson huquqlariga oid turkum yangi adabiyot va kitoblar taqdim etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.09.2024
- Ko'rishlar: 809
- Chop etish