9-oktyabr kuni Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) Ijroiya qo‘mitasining Moskva shahridagi bo‘limida MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining uchinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Tadbir videokonferens-aloqa tizimidan foydalangan holda tashkil etildi.
Yig‘ilishni MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasidagi Rossiya vakili, Rossiya Federatsiyasidagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil T.Moskalkova olib bordi. Unda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistondan mazkur Komissiya a’zolari, Komissiya Kotibiyati vakillari ishtirok etdi.
Majlisda MDH Ijroiya qo‘mitasi va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar vakillari ham qatnashdi. Shuningdek, Venesuela, Eron, Efiopiya va Mo‘g‘uliston ombudsmanlari kuzatuvchi sifatida taklif etildi. zamestitel Generalnogo sekretarya SNG
MDH Bosh kotibining o‘rinbosari I.Ne’matov yig‘ilish ishtirokchilariga tabrik so‘zi bilan murojaat qilar ekan, zamonaviy dunyoda inson huquqlari sohasida hali ham ko‘plab muammolar mavjudligi va ularni bartaraf etish uchun jamoaviy harakatlarga, jumladan, tajriba almashish va ilg‘or jahon tajribasini o‘rganishga talab ortib borayotganini ta’kidladi. Inson huquqlari sohasida o‘zaro hamkorlikni xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va normalari asosida qurish juda muhimligiga urg‘u berildi.
Komissiya a’zolari yig‘ilish kun tartibiga kiritilgan 10 dan ortiq masalani muhokama qildilar. Komissiyaning yillik ma’ruzasi hamda “MDH Inson huquqlari komissiyasiga a’zo davlatlarning Internet tarmog‘ida joylashtirilgan axborotdan foydalanishda yosh avlodning jismoniy, psixologik va ma’naviy rivojlanishi xavfsizligini huquqiy ta’minlash tajribasi to‘g‘risida”gi ma’ruza tinglandi.
Bundan tashqari, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarning MDH davlatlari milliy qonunchiligiga tatbiq etilishi va xalqaro majburiyatlarning bajarilishi o‘rganildi. Shuningdek, MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasiga a’zo davlatlardagi migrantlar huquqlar sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar tahlili natijalari ko‘rib chiqildi.
Komissiya a’zolari o‘tgan yig‘ilishda tuzilgan ishchi guruhlar faoliyati natijalarini eshitdilar, Jumladan:
- MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasiga a’zo davlatlarda inson huquqlariga rioya qilish indeksini ishlab chiqish;
- MDHning “Inson huquqlari bo‘yicha vakil maqomi to‘g‘risida”gi namunaviy qonunining yangi tahriri bo‘yicha takliflar tayyorlash;
- MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining Reglamentini qo‘llash va takomillashtirish monitoringi;
- MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasiga a’zo davlatlarda yoshlar huquqlariga rioya etilishi bo‘yicha tematik ma’ruza tayyorlash to‘g‘risidagi masalalar atroflicha muhokamalar markazida bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboyev yoshlar huquqlari bo‘yicha tematik ma’ruza tayyorlash masalasi bo‘yicha so‘zga chiqdi.
MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining navbatdagi majlisini 2025-yil aprel oyida Moskva shahrida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.10.2024
- Ko'rishlar: 667
- Chop etish