PEKIN, 21-oktabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasida Xitoy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun joriy yilning 27-oktabr kuni bo'lib o'tadigan O'zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sayloviga bag'ishlangan brifing o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Ishtirokchilarga saylovoldi tashviqotining borishi, saylov jarayonlari, partiya platformalari, qonunchilik jihatlari, saylov tizimidagi yangiliklar haqida batafsil ma'lumot berildi.
Shuningdek, saylov konstitutsiyaviy tamoyillarni hayotga tatbiq etish, mamlakatimizda demokratik islohotlarni amalga oshirish, davlat va jamiyatni o'zgartirishda Oliy Majlisning rolini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.
Parlament saylovi O'zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi asosida, saylov qonunchiligi va xalqaro standartlarga muvofiq o'tkazilishi alohida qayd etildi.
Brifing ishtirokchilariga bo'lajak saylovlarda xotin-qiz nomzodlar soni ortib borayotgani haqida ma'lumot berildi.
Saylovni kuzatishda dunyoning turli davlatlaridan mingdan ortiq xalqaro kuzatuvchilar, xalqaro tashkilotlar, xorijiy saylov komissiyalari ishtirok etadi, deyiladi tadbirda.
Liu Jiaxin, "CGTN English" telekanali muxbiri:
– Bo'lajak parlament saylovlarini yoritish uchun Xitoydan O'zbekistonga taklif etilganimdan juda mamnunman.
Bu mening mamlakatingizga birinchi safarim. Lekin O'zbekiston haqida, sayyohlik joylari va go'zal tarixiy shaharlar haqida ko'p o'qiganman, eshitganman.
Elchixonada tashkil etilgan bugungi tadbir tufayli men O'zbekistonda bo'lib o'tadigan saylovlar haqida ko'proq ma'lumotga ega bo'ldim. Davlat tomonidan xotin-qizlarning mamlakat siyosiy hayotidagi ishtirokiga katta e'tibor qaratilayotgani bilan qiziqdim. Siyosiy partiyalardan deputatlikka nomzod ayollar soni 30 nafardan 40 nafarga ko'paymoqda.
Saylovda ishtirok etayotgan nomzodlarning yoshi 47 yoshdan oshmagani, eng kichigi esa 25 yoshda ekani ham hayratlanarli.
Saylovlar muvaffaqiyatli o'tishini tilayman.
Minmey, "Beijing Psearcher Media" noshirlik uyi muharriri:
– Kompaniyamiz xitoylik kitobxonlarni O'zbekiston bilan tanishtirish maqsadida jurnallar chiqarish va maqolalar chop etishda elchixona bilan yaqin hamkorlik qiladi.
O'zbekistonda joriy yilning 27 oktyabr kuni bo'lib o'tadigan parlament sayloviga bag'ishlangan brifingda ishtirok etish men uchun katta sharafdir. Tadbir davomida mamlakatingizda bo'lib o'tadigan muhim siyosiy voqea haqida batafsil ma'lumot olishga muvaffaq bo'ldim.
Bo'lajak saylovlarni turli mamlakatlardan kelgan xalqaro kuzatuvchilar kuzatib boradi. O'zbekistonga parlament saylovlarini yoritish uchun Xitoy ommaviy axborot vositalari vakillari ham taklif etilgani quvonarlidir.
Ishonchim komilki, parlament saylovlari O'zbekistonning yana-da gullab-yashnashi, mamlakat demokratik asoslarini mustahkamlash va parlament tizimini rivojlantirish uchun asos bo'lib xizmat qiladi.
- Qo'shildi: 21.10.2024
- Ko'rishlar: 745
- Chop etish