Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 56-moddasida: “Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldiradi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashadi. Davlat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratadi”, deb qayd etilgan.
31-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Asosiy qonunimiz ushbu moddasining mazmun-mohiyatiga to‘xtaldi. Milliy markaz xuddi shunday konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘lgan inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning to‘ng‘ichi ekaniga e’tiborni qaratdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi 1996-yil 31-oktyabrda tashkil etilgan bo‘lib, bugun ushbu voqeaga roppa-rosa 28-yil to‘ldi. Shu munosabat bilan A.Saidov Milliy markaz jamoasini muhim sana bilan tabrikladi.
Yig‘ilish davomida Milliy markazning 2024-yil to‘rtinchi choragi bo‘yicha ish rejasidagi chora-tadbirlarning bajarilishi tahlil etildi. Yil yakunlari bo‘yicha hisobotlarni tayyorlashga kirishish va kelgusi yil ish rejasi uchun takliflar taqdim etish yuzasidan tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 31.10.2024
- Ko'rishlar: 733
- Chop etish