Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida keng qamrovli, izchil va shiddatli islohot jarayonlarini yoritish ommaviy axborot vositalar faoliyatining eng ustuvor vazifasidir. Hozirgi kunda mamlakatimizda islohotlar jadallashishi bilan birga, keskinlashayotgan xalqaro vaziyat to‘g‘risida tahliliy-tanqidiy ruhdagi xabar, reportaj, intervyu, maqola hamda sharhlarni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish amaliyoti rivojlanmoqda. Ular orqali insonlar jamiyatning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan tub yangilanishlardan xabardor bo‘lmoqdalar, mavjud muammo va kamchiliklarning tahlili bilan tanishmoqdalar, ularni idrok etib, o‘z munosabatlarini shakllantirmoqdalar.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi ana shu jarayon avangardida borayotgan ommaviy axborot vositalaridan biridir. Mazkur gazetaning o‘ziga xos xususiyati har bir soha bo‘yicha yuqori nufuzli, malakali ekspertlarning maqola, intervyu, munosabatlarini e’lon qilib borish vositasida axborot yetkazish samarasini oshirishga erishganligidadir.
Gazetaning doimiy mualliflari qatorida akademik doiralar vakillari, taniqli nazariyotchi va amaliyotchi mutaxassislar, xalqaro va milliy ekspertlar o‘rin olgan. Ana shu sifatlarning barchasini o‘zida mujassam etgan noyob salohiyat egasi akademik A. X. Saidov gazetaning doimiy mualliflaridan biridir.
Aytish joizki, akademik A. X. Saidov ham nazariy va ham amaliy boy tajribaga ega taniqli olim, milliy va xalqaro darajadagi nufuzli ekspert mutaxassis, davlat va jamoat arbobi, yuksak falsafiy, huquqiy va siyosiy bilimlar egasidir. A.X.Saidov 200 dan ortiq monografiya, 100 ga yaqin darslik, 600 dan ortiq ilmiy maqola, 140 dan ortiq taqriz, 1100 dan ortiq publitsistik maqola muallifi hisoblanadi. Kitoblari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilinib, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Ukraina, Polsha, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Omman va boshqa mamlakatlarda ham nashr etilgan.
A.X.Saidovning “Yangi O‘zbekiston” gazetasi kutubxonasi” turkumida nashr etilgan “Yangi O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy falsafasi” kitobida “Yangi O‘zbekiston” gazetasi sahifalarida e’lon qilingan muallifning ellikdan ziyod siyosiy-huquqiy publitsistik maqolalari jamlangan. Muallif Yangi O‘zbekiston milliy siyosiy va huquqiy tizimidagi islohotlar mazmun-mohiyatini mahorat bilan gazetaxonlarga sharhlab beradi. Mazkur maqolalarning qiymati shundaki, muallif Yangi O‘zbekiston taqdiri va istiqboli uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan eng muhim ijtimoiy, siyosiy va huquqiy islohotlar jarayonini sirtdan emas, balki ularning bevosita tashkilotchilaridan biri, guvohi va ishtirokchisi sifatida tahlil qilgan.
Yangi O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy falsafasi deganda nimani tushunish kerak? Bunday nomlanishda quyidagi jihatlarni hisobga olish maqsadga muvofiq:
birinchi jihati - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta’biri bilan aytganda faqatgina xalqqa xizmat qiluvchi adolatli va zamonaviy davlat – Yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasiga bag‘ishlanganlik;
ikkinchi jihati – siyosiy faoliyat mazmuni va shakli, hokimiyat mohiyati, siyosiy tanlov va yo‘lni aniqlab beradigan, shaxs, jamiyat va davlat taraqqiyoti yo‘nalishlarini o‘rganadigan bilimlar tizimidan iborat siyosiy falsafaga tayanganlik;
uchinchi jihati – huquqning mohiyati, uning inson, jamiyat va davlat hayotidagi o‘rni, qiymati va ahamiyatini o‘rganuvchi huquqiy falsafa asosida tafakkur qilinganlik.
Shu uch jihat uyg‘unligi, Yangi O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy falsafasi – davlat siyosati va huquqning mazmuni, qonun va hokimiyatning mohiyati, faqat xalqqa xizmat qilish qadriyatlarini ifodalaydigan yangi davlat va huquq falsafasini o‘zida mujassamlashtiradi.
Fikr amaliyotdan orqada qolishi mumkin, chunki ba’zida vaziyatni to‘g‘ri baholash uchun vaqt talab qilinadi. Lekin yuksak qobiliyat egasi tabiatiga ko‘ra inqilobchidir. U amaliyot va nazariyaga tayanib yangi ufqlarga eltuvchi g‘oyalarni taklif qila oladi. U aqlan olamdagi voqeliklarni umumlashtiradi va uni yangidan yaratadi. Uning qobiliyati yangi kelajakni loyihalash nuqtayi nazaridan ishlaydi. Kitob muallifi o‘zidagi boy ilmiy va amaliy tajribani qo‘llab, O‘zbekistonning o‘tmishi, bugungi kuni va kelajagida muhim o‘rin egallaydigan siyosiy-huquqiy jarayonlarga o‘zining bahosini bergan va yangi g‘oyalarni taklif etgan.
Kitob sakkiz qismdan iborat. Birinchi qismga “Yangi O‘zbekiston me’mori va tashabbuslari” deb nom berilgan. Unda joy olgan maqolalarda Yangi O‘zbekiston siyosiy poydevorining qurilishi va mustahkamlanishi to‘g‘risida mushohada yuritilgan. O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda ulkan islohotlar va tub demokratik o‘zgarishlar amalga oshirilayotganligi, “xalqimizning ulug‘vor qudratiga tayanib, O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish – Uchinchi Renessans davri poydevori” yaratilayotganligi ko‘plab misollar bilan tavsiflangan (16-22 bet).
Kitobda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston so‘nggi yillarda xalqaro hamjamiyatga o‘z eshiklarini keng ochib qo‘ydi. “O‘tgan tarixan qisqa davrda yurtimizning jahon miqyosidagi siyosiy o‘rni va nufuzi keskin oshdi. O‘zbekiston bugun o‘zining uzoqni ko‘zlagan siyosati bilan mintaqamiz va jahondagi siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi” (31-bet). O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining nufuzli xalqaro tashkilotlar oliy minbaridan turib ilgari surgan va jahon hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangan milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari izchillik bilan ro‘yobga chiqarilmoqda. Muallif “Yangi O‘zbekiston rahbari o‘z yo‘lidan mustaqil borish huquqini izchil himoya qilayotgan zamonamizning sanoqli siyosatchilaridan biridir” (21-bet), degan xulosaga kelgan.
Muallif davlat rahbarining keyingi yillarda qo‘lga kiritilgan natijalarni sanash bilan kifoyalanmasdan, mamlakatimiz hayotida hal etilishi kerak bo‘lgan muammolar mavjudligiga e’tibor qaratganligiga urg‘u berilgan. Albatta, O‘zbekiston oxirgi yillarda muhim yangilanishlarga erishdi, eng muhimi Prezident davlat idoralarini xalqimizga ochdi: “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan muhim konstitutsiyaviy tamoyilni hayotimizga izchil, tizimli va qat’iyat bilan joriy etishga ustuvor ahamiyat berilmoqda”(31-33 bet).
Muallif shu o‘rinda Prezidentning orzudagi Yangi O‘zbekistonni bunyod etish hali juda olis va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tishni talab qilishini, lekin “biz dadil oldinga borishdan, kerak bo‘lsa, kutilmagan, ammo pirovard natijasi samarali va xalqimiz manfaatlariga javob beradigan noan’anaviy qarorlar qabul qilishdan cho‘chimasligimiz zarur”ligi to‘g‘risidagi chaqiriqlarini keltiradi (35-bet).
Kitobning ikkinchi qismi “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” deb nomlanib, unda mamlakatimizni yangilash strategiyasiga ekspert siyosiy-huquqiy baho o‘z ifodasini topgan.
Strategiya – yunoncha so‘zdan olingan bo‘lib, «sarkardaning san’ati» degan ma’noni anglatadi. Qadimgi davrlardan strategiya mamlakatni rivojlantirish va mudofaa qilish maqsadida davlatning uzoq muddatli choralar rejasini tashkil qilgan. Strategiya eng muhim maqsadlar va yo‘nalishlardir. Qadimgi Xitoy faylasufi Konfutsiy: “Agar maqsadga erishish imkoniyati yo‘qday ko‘rinsa, maqsadni o‘zgartirmanglar, balki maqsadga erishish bo‘yicha o‘zingizning harakat dasturlaringizni o‘zgartiringlar”, deb yozgan edi. Strategiyaning vazifasi asosiy maqsadga erishish uchun mavjud imkoniyat va resurslardan samarali foydalanishdir.
Hozirgi kunda muayyan davlat strategiyasi – bu muayyan maqsadga erishish uchun mamlakatning uzoq vaqtga mo‘ljallangan asosiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi davlatning amaliy harakatlari dasturidir. Global o‘zgarishlar shiddatli tus olgan zamonda mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasining belgilanganligi va barcha resurslarning uni amalga oshirish uchun safarbar qilinganligi va islohotlarning izchillik bilan amalga oshirilayotganligi juda muhimdir.
Muallif “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasidagi 7 ustuvor yo‘nalishning bosh g‘oyasi inson qadrini ta’minlash”, ekanligini e’tirof etgan. Shu munosabat bilan milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotda “davlat-jamiyat-inson” tamoyili “insonjamiyat-davlat” tamoyiliga o‘zgartirilganligi ta’kidlanadi (75-bet). “Taraqqiyot strategiyasida asosiy e’tibor, - deb yozadi muallif, - bir tomondan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga doir qonunlar, kodekslar, konsepsiya va dasturlar qabul qilinishiga qaratilgan. Ikkinchi tomondan, unda qonun ustuvorligini ta’minlash, konstitutsiyaviy islohotni hayotga izchil tatbiq etish, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, ma’naviyatni rivojlantirish, shuningdek, global muammolarga O‘zbekistonning munosabati, xavfsizlik va tashqi siyosat borasidagi muhim vazifalar qamrab olingan” (73-bet).
Kitobning uchinchi qismi “Yangi O‘zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlar” deb nomlanib, unda mamlakatning strategik rivojlanishida konstitutsiyaviy qurilishning ahamiyati, uning amalga oshirilish jarayoni va natijalari tahlil qilingan. Muallif “davlat va jamiyatda tub o‘zgarishlar ro‘y berayotgan bir paytda tabiiy ravishda Konstitutsiyaga jiddiy o‘zgartishlar kiritish taqozo etiladi. Zero, har qanday demokratik islohotlar chin ma’noda xalqchil konstitutsiyaviy asosga ega bo‘lsagina, yanada bardavom bo‘ladi, ko‘zlangan ezgu maqsadlarga erishadi”, deb yozadi (114-bet).
Akademik A.X.Saidov tomonidan O‘zbekistonda taqdim qilingan konstitutsiyaviy islohotlar tahlili ikki jihati bilan qimmatli hisoblanadi:
birinchidan, olimning qiyosiy huquqshunoslik sohasida nazariy va amaliy tajribaga ega xalqaro darajadagi taniqli mutaxassis olim sifatidagi ekspert xulosalari yuqori nufuzga ega;
ikkinchidan, olimning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya raisi, konstitutsiyaviy islohotlarning bevosita tashkilotchilaridan biri sifatidagi qarashlari alohida ahamiyat kasb etadi.
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirmoqda, - deb yozadi olim (126-bet).
Kitobning “Yangi O‘zbekiston – inson qadr-qimmati va inson huquqlari ulug‘langan yurt” deb nomlangan to‘rtinchi qismida mamlakatimizda o‘tkazilayotgan barcha islohotlarning pirovard maqsadi inson qadri hamda huquq va manfaatlarini ta’minlash ekanligi yoritilgan. Bolalar, ayollar, yoshlar, qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, muhojirlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar, ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan shaxslarning “hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida davlat himoyasi kuchaytirilayotgani Yangi O‘zbekiston mohiyatining eng muhim jihat ekanligi tizimli taqdim etilgan dalillar asosida ko‘rsatib berilgan.
Kitobda Yangi O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash borasidagi amaliy harakat va tashabbuslari nafaqat mamlakat yoki mintaqa miqyosida, balki xalqaro miqyosdagi siyosatining markazida turganligi ta’kidlangan. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan qator BMT rezolyutsiyalarining qabul qilinganligi, BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi loyihasining ishlab chiqilganligi, O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylanganligi va boshqa qator xalqaro ahamiyatga molik tadbirlar yoritilgan.
Kitobning beshinchi qismi “Yangi O‘zbekiston parlamentining faoliyati” deb nomlangan. Unda muallif Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari hamda xalqaro darajadagi parlamentshunos olim va amaliyotchi sifatida mamlakat qonun chiqaruvchi organi faoliyatining ayrim jihatlarini muhokama qilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan BMTning “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasining mazmuni, mazkur rezolyutsiyaga muvofiq milliy parlamentlarning ustuvor vazifalari, O‘zbekistonda Barqaror rivojlanishga erishishda parlament va fuqarolik jamiyati institutlari ahamiyatining oshib borayotganligi, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning mohiyati tahlil qilingan.
Muallif Parlamentlararo ittifoq va O‘zbekiston o‘rtasidagi manfaatli munosabatlar mazmuniga, O‘zbekiston hamda Yevropa o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikning jadal rivojlanishi va istiqbollariga, O‘zbekiston Respublikasi parlamentining xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorligi tendensiyalariga ekspert bahosini bergan.
Kitobning “Ma’naviyat va ma’rifat – tafakkurning qo‘sh qanoti” deb nomlangan oltinchi qismida O‘zbekiston Mustaqilligi bayramiga bag‘ishlab chop etilgan “Yangi O‘zbekiston” kitob-albomi, akademik Oqil Salimovning “Yangi O‘zbekiston davlati” kitobi, Ikkinchi Sharq Renessansini boshlab bergan buyuk davlat arbobi va islohotchi Amir Temur tavalludining 685-yilligini keng nishonlash doirasida nashr etilgan kitoblar, “Insoniyat tafakkuri javohirlari” deb nomlangan dunyo sivilizatsiyasi taraqqiyotiga katta hissa bo‘lib qo‘shilgan buyuk kashfiyotlarning turkum jamlanmasi, mashhur faylasuflar g‘oya va qarashlarini o‘z ichiga olgan “Jahon falsafasi qomusi” kabi asarlarga ilmiy-amaliy taqriz-taqdimotlar o‘z ifodasini topgan.
“Yangi O‘zbekiston – bu ibora Millat Sardori ilgari surgan va bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan ezgu g‘oyadir. Bu g‘oya zamirida: bir tomondan, bugungi va ertangi ajdodlarimizning “Uchinchi Renessans” poydevorini qo‘yishdek ezgu maqsad-muddaolari; ikkinchi tomondan, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish davrlariga asos solgan ulug‘ ajdodlarimiz, alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari; uchinchi tomondan, bunyodkorlik, yaratuvchanlik, har doim o‘qish va izlanishga da’vat o‘z mujassamini topgan” (286-bet), - deb yozadi muallif.
“Inson xotirasi – muqaddas” deb nomlangan kitobning yettinchi qismida Ikkinchi jahon urushida matonat ko‘rsatgan yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, ularga hurmat-ehtirom va e’zoz ko‘rsatish oliy darajadagi milliy qadriyatga va davlat siyosatiga aylanganligi muallif tomonidan mohirona ifodalangan.
Muallif Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahrida barpo etilgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, undagi “Matonat madhiyasi” yodgorligi va “Shon-sharaf muzeyi”ning ahamiyatiga, ularni o‘zbekona falsafa, xalqona siyosatning amaldagi yorqin natijasidir, “Yangi O‘zbekistonning shiddatli islohotlariga xos muhim xususiyat” ekanligiga yuksak baho bergan. Xorijiy davlatlardagi memorial majmualarni ham ko‘rganman, lekin ularning birortasida xalqning janggohlardagi “jasorati va front ortidagi matonati Toshkentda yaxlit majmua tarzida bunyod etilgan G‘alaba bog‘idagi singari keng ko‘lamda, haqqoniy va adolatli ravishda ko‘rsatib berilmagan”, - deb yozadi muallif (316-317 betlar).
Kitobning “Yangi O‘zbekiston: tinchliksevar, faol va tashabbuskor tashqi siyosat” deb nomlangan sakkizinchi qismida jahonda yuz berayotgan global o‘zgarishlar sharoitida O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining ayrim muhim yo‘nalishlariga e’tibor qaratilgan. Bunda Yangi O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtira oladigan mintaqaviy yetakchi maqomiga, balki qo‘shni mamlakatlar uchun ham ularning manfaatlarini ilgari suruvchi ishonchli yetakchi bo‘lishga qodir davlatga aylanayotganligi e’tirof etilgan (378-bet).
Kitob uni mutolaa qilgan o‘quvchida O‘zbekiston Respublikasi taraqqiyotining sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichi – Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonini, uning ichida, faol tashkilotchilaridan birining ko‘zi bilan qarashga imkon beradi. Kitob jamiyat taraqqiyotining turli jabhalariga doir har xil mavzularga bag‘ishlangan maqolalardan iborat bo‘lsa-da, ular yagona mantiqning – Yangi O‘zbekiston mantig‘ining turli qirralarini ifodalagan. Bu mantiqda jamiyat taraqqiyotining yangi bosqichida amalga oshirilayotgan islohotlar kelajakda “O‘zbek mo‘jizasi” nomini olishi mumkin bo‘lgan barcha sohalarda ulkan sakrashning poydevori qurilishi namoyon bo‘ladi. Muallif bu poydevor g‘oyasini uchinchi Uyg‘onish davri - Yangi O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy falsafasi sifatida taqdim etgan.
Albatta, akademik A. X. Saidov qalamiga mansub mazkur kitobdagi maqolalarning barcha jihatlarini bitta taqriz doirasida yoritish mushkul. Lekin shuni alohida ta’kidlash joizki, kitob hozirgi kunda mamlakatimizdagi o‘zgarishlarning, davlat ichida va boshqa davlatlar bilan munosabatlarda yuz berayotgan jarayonlarning ahamiyatini tushunishga yordam beradi. Kitobda falsafa, huquq, siyosat, tarix, sotsiologiya sohasidagi nazariy va amaliy bilimlar jamlangan. Muallifning yuksak hayotiy, ilmiy va amaliy tajribasi har bir muhokama qilingan mavzuning asl ma’nosini anglashni ta’minlaydi.
Ushbu kitob Yangi O‘zbekiston g‘oyasi mohiyatini anglash bilan bog‘liq ko‘pgina muammolarni qamrab olgan va bu borada eng muhim fundamental bilimlarni o‘zlashtirishga xizmat qiladi. Mazkur kitob keng jamoatchilik, akademik doiralar, xalqaro va milliy ekspert hamjamiyati vakillari, davlat idoralari xodimlari, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, talabalar, pedagoglar, umuman Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayoniga qiziqadigan har bir kishi uchun foydali ma’lumotlarga boy qo‘llanma xususiyatiga ega.
O‘.Ochilov
yuridik fanlar doktori, dotsent
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2024-yil 13-noyabr kungi 230 (1291)-soni
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining kutubxonasi
- Qo'shildi: 13.11.2024
- Ko'rishlar: 445
- Chop etish