O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32-yilligi munosabati bilan Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan mamlakatimizdagi ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Mana shunday tadbirlardan biri joriy yilning 14-noyabr kuni Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 163-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etildi. Maktabning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun “O‘zbekiston – Vatanim manim!” mavzusida o‘tkazilgan dars mashg‘ulotlarini Milliy markaz muassisligidagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati xodimlari olib bordi.
Tadbir avvalida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida nashr etilgan 70 dan ortiq huquqiy kitoblar va jurnallar maktab kutubxonasiga sovg‘a qilindi.
– Maktabimiz kutubxonasiga huquqiy adabiyotlarni beg‘araz taqdim etgan Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildiramiz, – deya ta’kidladi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilnoza Madaliyeva. – Bu kitob va jurnallar biz – pedagoglar uchun ham, o‘quvchilarimiz uchun ham nihoyatda kerakli, foydali va qadrlidir. Ular Konstitutsiyamiz va qonunlarning mazmun-mohiyatini anglashda, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha muhim xalqaro hujjatlarni o‘rganishda katta ahamiyatga ega.
Dars jarayonida “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali xodimlari o‘quvchilarga davlat ramzlari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, inson huquqlari, bola huquqlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berishdi.
Ayniqsa, Vatan tushunchasining ma’nosi o‘quvchilar bilan faol muhokama qilindi. Bolajonlar Ona Vatanga muhabbat va yurtga sadoqat haqida yod olgan she’rlarini aytib berishgani tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Tadbir yakunida o‘quvchilarga esdalik sovg‘alari ham topshirildi.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
- Qo'shildi: 14.11.2024
- Ko'rishlar: 420
- Chop etish