Davlatchilik va huquq an’analari – ma’rifat ko‘zgusida

Davlat va huquq tarixi huquqiy ta’limning ajralmas qismi hisoblanadi. U o‘quvchi va talabalarda huquqiy dunyoqarashni, davlat va huquq institutlarining xilma-xilligi to‘g‘risida bilimlarni, huquqiy tafakkur asoslarini shakllantirishga xizmat qiladi. Xususan, “Davlat va huquq tarixi” o‘quv fani Vatanimizning necha yuz yillar mobaynida buyuk sivilizatsiya va madaniyat markazlaridan biri bo‘lganligini, uning davlatchilik va huquq sohasidagi tarixiy tajribasi jahon sivilizatsiyasiga katta hissa bo‘lib qo‘shilganligini anglashga yordam beradi.

O‘zbekiston hududida davlatchilik va huquq an’analari mamlakatning ikki Sharq Renessansi beshiklaridan biri bo‘lishiga poydevor yaratgan. Bu tajriba “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans sari” degan shior ostida mamlakatimizni yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarish uchun muhim omildir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “uzoq o‘tmishdan hozirgi davrgacha milliy tafakkurimiz negizida shakllanib kelgan, turli g‘oya va amaliy harakatlarda o‘z ifodasini topgan el-yurtimizning orzu-umidlari bugungi kunda Yangi O‘zbekiston tushunchasida jamuljam bo‘ldi”.

Yaqinda yuridik texnikumlar o‘quvchilari uchun nashr etilgan “Davlat va huquq tarixi” darsligi (Toshkent: TDYUU, 2024. – 744 b.) Toshkent davlat yuridik universiteti professori Haydarali Muhamedov qalamiga munsub bo‘lib, muallifning boy ilmiy-pedagogik tajribasi asosida, shuningdek, yuridik fanda oxirgi yillardagi tarixiy-huquqiy tadqiqotlar natijalarini hisobga olgan holda tayyorlangan. Aytish joizki, H. Muhamedov yuqori malakali huquqshunos olim, 40-yildan ortiq vaqt mobaynida ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanib, “Davlat va huquq tarixi” o‘quv fani bo‘yicha yuridik ta’lim muassasalari talabalariga ma’ruzalar o‘qib kelmoqda.

Shu yillar davomida H. Muhamedov 10 ga yaqin monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalar, 100 dan ortiq ilmiy maqola nashr ettirgan. Muallifning asarlari O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixiga bag‘ishlangan.

Yangi darslik o‘quv dasturiga muvofiq tayyorlangan. Kitobda qadim zamonlardan boshlab hozirga qadar O‘zbekistonda hamda xorijiy mamlakatlar tarixining turli davr va bosqichlarida davlatchilik hamda huquqning shakllanishi va rivojlanishi bosqichlari hamda xususiyatlari yoritilgan.

Muallif tarixiy, qiyosiy-huquqiy va tizimlilik metodlari hamda davlat va huquq tarixini davrlashtirishning an’anaviy usuliga asoslanib, Qadimgi davr davlati va huquqi, O‘rta asrlar davlati va huquqi, Yangi davr davlati va huquqi, Eng yangi davr davlati va huquqini ajratgan. Har bir davrga bag‘ishlangan mavzular alohida bitta bo‘limga kiritilgan. Har bir mavzu matni oxirida bilimlarni mustahkamlovchi savollar keltirilgan.

Darslik, shubhasiz, bir qator yutuqlarga ega. U o‘quvchilarga davlat va huquq tarixi sohasida fundamental bilimlarni egallashga yordam beradi. Darslik o‘quvchilarni O‘zbekiston hamda xorijiy davlatlar davlati va huquqi tarixidagi asosiy voqealar, tushunchalar, an’analar, institutlar, tuzilmalar, hujjatlar bilan tanishtiradi.

Shuningdek, o‘quvchilar kitobdan davlat va huquq tarixidagi eng muhim islohotlar mazmuni, qonunchilik hujjatlari namunalari to‘g‘risida ma’lumotlarni oladi. Darslikda O‘zbekiston davlat va huquqi tarixidan tashqari, Yevropa va Amerika davlatlari, Yaponiya, Xitoy kabi mamlakatlar davlat va huquq tarixiga katta e’tibor qaratilgan.

Darslikda O‘zbekiston hududidagi ilk davlatlarning kelib chiqishi shart-sharoitlari, sabablari va xususiyatlari, O‘zbekiston hududidagi ilk davlatlarning ijtimoiy-siyosiy tuzumi, O‘zbekiston hududidagi qadimgi davlatlar hamda o‘rta asrlar davlati va huquqi yoritilgan. Ayniqsa, mustaqil O‘zbekiston Respublikasi davlati va huquqining rivojlanishi keng tahlil etilgan.

Shu bilan birga, “Davlat va huquq tarixi” o‘quv fanining yuridik fanlar tarkibida kasbiy huquqiy ong va qadriyatlarni, bo‘lajak huquqshunosning dunyoqarashi va yuridik tafakkurini, milliy o‘zlikni anglashni, milliy davlatchilik va huquq tarixiga, ota-bobolar qoldirgan merosga hurmat ruhini shakllantirishda ustuvor ahamiyat kasb etishi darslik bo‘yicha qator taklif va mulohazalarni bildirishni taqozo etadi.

Birinchidan, fikrimizcha, “Davlat va huquq tarixi” o‘quv fani predmetida markaziy muammo – bu O‘zbekiston hududida davlatchilik va huquqning paydo bo‘lishi hamda hozirgi kunga qadar rivojlanishi muammosidir.

Shuning uchun mazkur o‘quv fani, dastavval, O‘zbekiston davlati va huquqi tarixini, uning an’ana va qadriyatlarini, undan keyin xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixini o‘rganishni maqsad qiladi. Ya’ni, O‘zbekiston davlati va huquqi tarixini o‘rganish ustuvor bo‘lib, xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi shu bilan bog‘liq ravishda o‘rganilishi kerak.

Ikkinchidan, darslikning ayrim bo‘limlarida o‘quv materiali davlat va huquq tarixini davrlashtirish tamoyillariga nomuvofiq va nomutanosib ravishda taqsimlangan.

Uchinchidan, darslikda O‘zbekiston davlat va huquq tarixining yoritilishida uzilish va bo‘shliqlarga yo‘l qo‘yilgan. Davlat va huquq tarixining ayrim bosqichlari, ba’zi muhim voqealar e’tibordan chetda qolgan. Jumladan, O‘zbekiston davlat va huquqi tarixi rivojlanishidagi yangi bosqich – Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha davlatchilik va huquq sohasidagi islohotlar darslikda lozim darajada yoritilmagan.

Muxtasar aytganda, shu kabi ayrim kamchiliklariga qaramasdan, darslikning yuridik texnikumlar o‘quv jarayonidagi ahamiyati shubhasiz, deb o‘ylaymiz. Mazkur darslik yuridik texnikumlar o‘quvchilari, talabalar, o‘qituvchilar hamda davlat va huquq tarixiga qiziquvchilar uchun foydali manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

 

 

Akmal SAIDOV,

akademik

"Kuch - adolatda" gazetasi 2024-yil 15-noyabr kungi №50(1032) - soni

Powered by GSpeech