Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan dolzarb va muhim ahamiyatga ega yuridik kitob – “BMTning jinoyatchilikka qarshi kurashish va odil sudlovga oid xalqaro shartnomalari to‘plami” nashr etildi.
O‘zbek tilida nashrdan chiqqan ushbu to‘plam “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 96-maqsadi doirasida belgilangan 14-vazifa ijrosini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan asosiy xalqaro hujjatlarni davlat tiliga tarjima qilish orqali fuqarolarning ulardan xabardorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur to‘plam Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning 6-bandida belgilangan “inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya etish masalalariga bag‘ishlangan amaliy qo‘llanma, sharh va uslubiy adabiyotlarni tayyorlash va nashr etish” vazifasi ijrosini ta’minlashga ham hissa qo‘shadi.
Kitobning mas’ul muharriri – akademik Akmal Saidov. Tuzuvchilar – yuridik fanlar doktori, professor Mirzatillo Tillabayev, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazning Tahririyat-nashriyot bo‘limi boshlig‘i Marianna Palnova hamda ushbu bo‘lim yetakchi mutaxassisi Lobar Ruzikulova. Sahifalash ishlarini “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali mas’ul kotibi Azamat Jumaniyazov amalga oshirgan.
To‘plamdan BMTning jinoyatchilikka qarshi kurashish va odil sudlovga oid jami 13 ta xalqaro shartnomasi o‘rin olgan. Bular:
- Genotsid jinoyatining oldini olish va uning uchun jazolash to‘g‘risidagi konvensiya;
- Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanafurushlikdan foydalanilishiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiya va Yakunlovchi bayonnoma;
- Chet el arbitrajlari qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi konvensiya;
- Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyani to‘ldiruvchi Odam savdosining, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo‘yish va buning uchun jazolash haqidagi bayonnoma;
- Korrupsiyaga qarshi konvensiya;
- Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mahbuslar bilan muomala qilish bo‘yicha minimal standart qoidalari (Mandela qoidalari);
- Mahbuslar yoki hibsga olingan shaxslarni qiynoq hamda jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlaridan himoya qilishda sog‘liqni saqlash xodimlarining, ayniqsa, shifokorlarning roliga taalluqli tibbiyot etikasi prinsiplari;
- Sud organlari mustaqilligining asosiy prinsiplari;
- Yuristlarning roliga oid asosiy prinsiplar;
- Sud ta’qibini amalga oshiruvchi shaxslarning roliga taalluqli rahbariy prinsiplar;
- Huquqiy tartibotni saqlash bo‘yicha mansabdor shaxslarning kuch va o‘qotar qurol ishlatishining asosiy prinsiplari;
- Sudyalar axloqining Bangalor prinsiplari;
- Huquqiy tartibotni saqlash bo‘yicha mansabdor shaxslarning axloq kodeksi.
Ushbu xalqaro normativ-huquqiy hujjatlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, jamiyatda adolat ustuvorligini ta’minlashga qaratilgani bilan, ayniqsa, ahamiyatli. Ularda aks etgan xalqaro prinsiplarning aksariyati milliy qonunchiligimizga qabul qilingan.
To‘plam davlat organlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, ta’lim muassasalarining professor va o‘qituvchilari, tadqiqotchilar, talabalar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda inson huquqlarini himoya qilish va qonun ustuvorligini mustahkamlash masalalari bilan qiziquvchilar uchun mo‘ljallangan.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
- Qo'shildi: 18.11.2024
- Ko'rishlar: 287
- Chop etish